ONSIDE | Futbol yangiliklari

Sulsherning yangi shartnoma imzolashini istamaydigan "MYU"ning 5 futbolchisi

4362 13.04.2021 18:15

Ule-Gunnar Sulsher 2018-yilning oxiridan buyon “Manchester Yunayted”ni boshqarib kelyapti. Bu vaqt orasida murabbiy birorta sovrin yuta olmadi, lekin u klub xo’jayinlari ishonchiga kira oldi. Uning hozirgi vazifasi jamoani Chempionlar ligasiga olib chiqish. Bu vazifani qiyinchiliksiz uddalay oladi.


Sulsherning faoliyati Gleyzerlar oilasi va ijrochi direktor Ed Vudvordni qoniqtiryapti va ular murabbiyga 2022-yil yozigacha mo’ljallangan yangi shartnomani taklif qilmoqchi.


Norvegiyalik mutaxassisning jamoada qolishidan xursand bo’lmaydigan futbolchilar ham bor. Murabbiy qo’l ostida o’zini yaxshi his qilmaydigan 5 futbolchini sanab o’tamiz.


Jessi Lingard

“Manchester Yunayted” tarbiyalanuvchisi bo’lgan Lingard 2014/15 yilgi mavsumdan buyon asosiy jamoada to’p surib kelyapti. O’sha vaqtda jamoa bosh murabbiyi Lui Van Gal edi. Ammo o’tgan mavsumdan buyon Jessi maydonga kam tusha boshladi. Joriy mavsumda esa umuman maydonga tushmadi va to’rt marta qaydnomaga kiritildi, xolos.


Yanvar oxirida “Manchester Yunayted” “Vest Xem” bilan Lingardning ijarasi borasida kelishvuvga erishdi. Sulsher bu 28 yoshli futbolchi uchun to’g’ri qaror ekanligi va Angliya terma jamoasiga chaqirilish uchun imkoniyat ekanini aytib o’tdi. Sulsher haq bo’lib chiqdi. Jessi “bolg’achilar” safida ajoyib o’yin namoyish etyapti va Angliya terma jamoasining oxirgi 3 o’yinida qatnashdi. Agarda Sulsher jamoada qolsa, Jessi yozda qaytmasa ham kerak. Lingardning aybi Brunu Fernandesh bilan bir pozitsiyada to’p surishida. Portugaliyalik futbolchi bilan raqobat qilish judayam qiyin. Shuning uchun Lingard Manchesterga qaytishi uchun Sulsher ketishi kerak.


Antoni Marsyal

“Yunayted” Marsyal uchun 2015-yilda 60 mln yevro to’lagan edi. Norvegiyalik mutaxassis joriy mavsumda fransuz futbolchisining o’yiniga e’tirozlari borligini bildira boshladi. Antonining gol urish qobiliyati ham pasayib ketgan.


OAV nashrlari agarda Marsyalga o’rinbosar topilsa, Sulsher fransuz futbolchisi bilan xayrlashishga qarshi emas. Murabbiy “Borussiya” hujumchisi Erling Holandni tarkibda ko’rishni judayam istayapti. Lekin mankunianliklar futbolchini qo’lga kiritishi uchun juda jiddiy kurash olib borishi lozim. Holanddan boshqa variantlar ham bor. Lekin Marsyal Sulsherning ishonchiga kirishi qiyin bo’lyapti. Joriy mavsum unga imkoniyat beriladi. Shu imkoniyatdan foydalanib qolishi kerak.


Erik Bayi

Joze Mourinyoning talabiga binoan Erik Bayi 2016-yilda “Manchester” safiga olib kelindi. Birinchi mavsumida unga asosiy tarkibdan muqim joy berildi. Keyinchalik esa uning faoliyatida “qora kunlar” boshlandi. Jarohatlar futbolchiga pand bera boshladi. Bayi “MYU” shifoxonasida rasmiy o’yin o’tkazgan daqiqalaridan ko’proq vaqt bo’ldi.


Doimiy jarohatlar Sulsherning Erik Bayiga ishonmay qo’yishiga sababchi bo’ldi. Norvegiyalik mutaxassis Lindelef va Maguayrga asosiy tarkibni ishonib topshirgan. Afrikalik futbolchining shartnomasi 2022-yil yozida o’z nihoyasiga yetadi. Bayi katta ehtimol bilan jamoani tark etadi. U zaxira futbolchisi bo’lib qolishni istamaydi. Bayi asosiy tarkibda maydonga tushishi uchun Sulsher jamoani tark etishi lozim. Chunki Erik murabbiyning ishonchini yo’qotgan.


Brendon Uilyams

“Qizil iblislar” akademiyasi tarbiyalanuvchisi Brendon Uilyams Sulsher qo’l ostida 2019-yil oktyabr oyida debyutini nishonlagan. Chap qanot himoyasida Lyuk Shou ajoyib o’yin ko’rsatyapti. Qarama-qarshi qanotda ham bemalol to’p sura oladigan Uilyamsga o’ng qanotda Van-Bissaka raqobatchi. Shuning uchun 20 yoshli himoyachi tez orada jamoani tark etishga yaqin.


Ushbu mavsum boshidayoq nashrlar futbolchiga premyer-liganing bir nechta jamoasi qiziqish bildirayotgani haqida yozgan edi. Agarda jamoa yaxshiroq taklif olsa, Brendonni qo’yib yuborish istagida. Hozircha uning xizmatlariga ehtiyoj sezilmayapti.


Donni Van De Bek

Joriy mavsumda Van De Bekning sotib olinishi “MYU” tomonidan pulni havoga sovurishga teng bo’ldi. Futbolchi jamoada o’z o’rnini topa olmadi.

 

Sulsher Donniga juda kam imkoniyat berdi. O’yin taqdiri hal bo’lib ulgurgan vaqtlarda yoki g’alaba qozonishga umid yo’q bo’lgan daqiqalarda futbolchini zaxiradan maydonga tushiradi. Sulsher jamoasi “Fergi-taym”ni unutib qo’ygandek, go’yo.Van De Bekning shartnomasi 2024-yil yozigacha mo’ljallangan, lekin u yaqin orada jamoani tark etish istagida. “Old Trafford”da unga imkon berilmasligini sezib turibdi.


Dadaxon Xasanov tayyorladi