Peledan kubok olgan O'zbek Pelesi

6936 17.09.2021 18:32

O’zbek futboliga befarq bo’lmagan har bir inson borki, Mirjalol Qosimovni taniydi va xurmat qiladi. O’rta yosh avlodning bolalik davrlari Qosimovning o’yinini ko’rish bilan o’tgan.

Agar o’rta yosh avlod bo’lsangiz, bir eslab ko’ring-a, ko’cha changitib, mahallada futbol o’ynab yurgan paytingizda, libosingiz orqasiga 4-raqam va Mirjalol Qosimov ism-sharifini yozib olgansiz, to’g’rimi? Tosh, yoki boshqa har xil buyumlardan qurilgan darvozaga Qosimovga o’xshab burchakdan, yoki turli xil jarima zarbalaridan gol urishga harakat qilgansiz. Milliy terma jamoamiz o’yinlarini sabrsizlik bilan kutib, endi o’yin boshlanishi bilan chiroq o’chib qolishlari-yu, uchrashuvni radio orqali tasavvur qilib tinglaganlariz esizga tushib ketgan bo’lsa, siz haqiqiy futbolni yaxshi ko’radigan insonsiz.

Bugungi maqolamiz Jahon chempioni, Yevropa chempioni, Osiyo o’yinlari g’olibi, Rossiya va bir necha bor O’zbekiston chempioni, Yevropa Chempionlar ligasida o’ynagan ilk O’zbek futbolchisi Mirjalol Qosimov haqida bo’ladi. Albatta o’qing, zerikib qolmaysiz.

Mirjalol Qosimov 1970-yil 17-sentabrda Toshkent shahrida tug’ilgan. U 10 yoshidan boshlab Chig’atoy futbol maktabida Yuriy Gaspadarchuk qo’l ostida shug’ullana boshlaydi. O’zbekiston milliy terma jamoasining sobiq futbolchisi va murabbiyi.

Mirjalol Qosimov 2005-yili O’zbekiston Oliy ligasi vakili Muborakning “Mash’al” jamoasi safida faoliyatini yakunlaydi. Uning o’yini “Mash’al” klubi uchun muhum ahamiyat kasb etgan. O’sha yili Muborakliklar Oliy ligada 2-o’rinni qo’lga kiritishgan va ushbu natija klub tarixida hozirgi kungacha eng yaxshisi bo’lib turibdi. Mirjalol “Paxtakor” hamda “Alaniya” jamoalarida yulduz darajasida to’p surdi.

U faoliyati davomidagi 210 goli bilan Gennadiy Krasnetskiy va Birodar Abduraimov klubi a’zosiga aylangan. Qosimov 20-asr ohirgi choragi va 21-asr boshlarida O’zbek futbolning eng mashxur va muvafaqqiyatga erishgan futbolchisi hisoblanadi. Mirjalol Qosimov Yevropa Chempionlar Ligasida top kiritgan birinchi O’zbek va ikkinchi Osiyolik futbolchidir. U 1995-yil 12-sentabrda, bo’lib o’tgan UEFA kubogida “Liverpul” darvozasini aniq ishg’ol etgan.

1987-yilda SSSRning u-17 jamoasida ilk xalqaro tajribaga ega bo’ldi. Porlab kelayotgan yorqin yulduz sifatida, Kanadada bo’lib o’tgan o’smirlar o’rtasidagi (U-16)  Jahon chempionatida SSSR terma jamoasi bilan birgalikda g’oliblikni qo’lga kiritdi. O'shanda Mirjalol Qosimov terma jamoa sardori edi va g'olib sifatida kubokni futbol qiroli Peledan qabul qilib olgan. Bir yildan so’ng, ya’ni 1988-yili qahramonimiz SSSR U-18 terma jamoasi bilan Yevropa chempioniga aylandi.

1994-yilda O’zbekiston Osiyo o’yinlari g’olibi bo’ldi. Shuningdek, Qosimov ushbu turnirning eng yaxshi yarim himoyachisi deya e’tirof etildi.

Mirjalol Qosimov 1993, 1998, 2001 va 2004- yillarda O’zbekistonning eng yaxshi futbolchisi nomiga sazovor bo’lgan.

Qosimov uzoq vaqt milliy terma jamoa sardori bo’lgan. Uning terma jamoadagi so’ngi uchrashuvi 2006-yilgi JCH saralash baxslarida Bahraynga qarshi kechgan. Mirjalol Qosimovning xayrlashuv uchrashuvi 2007-yil 2-iyul kuni “MHSK” stadionida O’zbekiston terma jamoasining, Yevropa va Osiyo yulduzlaridan tashkil topgan jamoaga qarshi o’yini orqali bo’lib o’tgan. Xayrlashuv kechasiga Ali Daiy, Ali Rizo Mansuriy, Muborak Mustafa, Sergey Semak, Valeriy Gazzayev, Viktor Onopko va Andrey Karyaka kabi bir qator yulduzlar taklif etilgan.

Turli yoshdagi terma jamoalar safida 20 yildan ko’proq to’p surgan qahramonimiz 67 uchrashuvida maydonga tushib, raqiblar darvozasini 31 marta ishg’ol qildi.

Mirojalol Qosimov murabbiylik faoliyatini, futbolchi sifatida faoliyatini yakunlagan “Mash’al” jamoasida boshladi. 2006-yilda Rauf Inileyev boshchiligidagi O’zbekiston milliy terma jamoasi hamda O’zbekiston Olimpiya jamoalarida yordamchi murabbiy sifatida ishladi.

Qosimov 2007-yil dekabr oyida “Bunyodkor” klubi bosh murabbiyi sifatida tanishtirildi. O’zbek futboli afsonasi 2008-yili “Bunyodkor” bilan o’zining ilk mavsumida Osiyo Chempionlar ligasining yarim finaligacha yetib bora oldi va ushbu natija hozirgacha “Qaldirg’ochlar” tarixidagi eng yaxshisi bo’lib turibdi.

2008-yil 25-sentabrda Braziliyalik mashxur murabbiy Ziko “Bunyodkor”ga olib kelindi. Qosimov esa Zikoga maslahatchi murabbiy sifatida klubdagi ishini davom ettiradi. 2008-yil 16-sentabrda 2010-yilgi Jahon chempionati saralash baxslari uchun O’zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyligiga tayinlandi. 2010-yil 6-aprelda esa terma jamoadagi murabbiylik o’rnini Vadim Abramovga bo’shatib berdi. 2010-yil may oyida Skolari “Bunyodkor”ni tark etgandan so’ng, Qosimov yana qadrdon klubiga qaytdi.

Mirjalol Qosimov 2012-yil may oyida mashxur goal.com nashri tomonidan Osiyo Chempionlar ligasi may oyining eng yaxshi murabbiyi deb topildi.

Milliy terma jamoa Eronga 0:1 hisobida yutqazib qo’ygandan keyin Vadim Abramov istefoga chiqarildi va 2012-yil 4-iyun sanasida Mirjalol Qosimov ikkinchi marta terma jamoaga bosh murabbiy etib tayinlandi. 2013-yil 3-yanvarda Xalqaro Futbol Tarixi Statistikasi Federatsiyasi 2012-yilgi mavsum uchun dunyoning eng zo’r murabbiylaridan iborat 17 nafar nomzodni e’lon qildi. Natijaga ko’ra o’zbek o’g’loni Oleg Bloxin, Ottmar Xitzfeld kabi nomdor murabbiylarni ortda qoldirib, 14-o’rinni egalladi. Butun dunyo terma jamoalari murabbiylari reytingida 14-o’rinni egallash, albatta, ajoyib natija edi.

Bugungi kunga kelib Mirjalol Qosimov Olmaliq shaxrining “AGMK” jamoasida bosh murabbiy bo’lib ishlab kelmoqda. 

Keling endi, bugungi qahramonimizning futbolchi va murabbiy sifatidagi shaxsiy va jamoaviy sovrinlarini sanab o’tsak.

Futbolchi sifatidagi sovrinlari:

Rossiya Primyer ligasi g’olibi (1995-yil).

Rossiya Primyer ligasi kumush medal sohibi (1992, 1996-yillarda).

O’zbekiston Oliy ligasi chempioni (1998, 2002, 2003-yillarda).

O’zbekiston Oliy ligasi kumush medal egasi (1993,2005-yillarda).

O’zbekiston kubogi sohibi (1993, 1997, 2002, 2003-yillarda).

Jahon chempioni U-17 (1987-yil).

Yevropa chempioni U-18 (1988-yil).

Osiyo o’yinlari g’olibi (1994-yil).

O’zbekistonning eng yaxshi futbolchisi (1993, 1998, 2001, 2004-yillarda).

O’zbekiston chempionati topurari, 22 gol bilan (1998-yil).

Murabbiy sifatidagi yutuqlari:

O’zbekiston chempioni (2010, 2011, 2013-yillarda).

O’zbekiston chempionati kumush medal egasi (2012 yil).

Osiyo Chempionlar ligasi yarim finalchisi (2008, 2012-yillarda).

Superliga 2-o’rin sohibi (2019-yil).

O’zbekistonning eng yaxshi murabbiyi (2012-yil).

Hukumatimiz tomonidan berilgan unvonlar:

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi

“Shuhrat” medali

“Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan murabbiy

“Fidokorona xizmatlari uchun”

“Mehnat shuhrati” 

Bugun Mirjalol Qosimov 51 yoshni qarshi olmoqda. Shu fursatdan foydalanib Onside.uz ijodkorlari nomidan O’zbek Pelesiga mustahkam sog’lik, hamda keyingi faoliyatida omad va zafarlar yor bo’lishini yaratgandan so’rab qolamiz.

 

Ibroxim Jalolov tayyorladi