Futbol qadami yetmagan joyni, ortig'i bilan bajardi futzal!

4906 19.09.2021 14:14

Futbol bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi muhlislari haqida gap ketganda, eng birinchi hayolingizga nima keladi? Uzoq yillardan beri mundialni orzu qilib, undan borgan sari uzoqlashib ketayotgan, har doim eng muhum uchrashuvlarda mag'lubiyat alamidan azob chekib, qaytib o'yingohga tushmayman deyishlari-yu, milliy terma jamoamizning nabvatdagi o'yini boshlanishi bilan yana stadionga tushib, jamoani qo'llab quvvatlaydigan jonkuyar insonlar haqida o'ylayapgandirsiz, balki?

Ha, xalqimiz sportni, ayniqsa futbolni qattiq yaxshi ko'radi. Xattoki, terma jamoamiz o'yinlarini tahlil qilaverib, mutaxassis darajasiga yetib qolishgan, deyarli. Futbolimizda-ku muammolar yetarli, lekin bugun u haqida gapirmoqchi ham tanqid qilmoqchi ham emasmiz. Futbolni tinch qo'yib turing, futzaldan bahra oling!

So'ngi yillarda futzalimiz qo'lga kiritayotgan yutuqlar har qanday muhlisni xursand qilmay qo'ymaydi. Futzalni unchalik ham ko'p kuzatmaydigan kishida tabiiy savol tug'iladi, kichik futbolimiz avvaldan kuchli edimi, yoki yaqin yillardan beri yaxshi natijalarni qo'lga kiritib kelyaptimi? keling birgalikda ma'lumot olishga xarakat qilib ko'ramiz.

"Oq Bo'rilar" laqabini olgan Futzal bo'yicha O'zbekiston milliiy terma jamoasi yutrimiz nomidan xalqaro musobaqalarda ishtirok etadi. U FIFA va OFKning to'laqonli a'zosi hisoblanadi.

Futzalchilarimiz o'zining tarixdagi ilk xalqaro uchrashuvini Malayziyaning Kuala Lampur shahrida o'tgazishgan. Qo'shnilarimiz Qozog'iston terma jamoasiga qarshi kechgan o'yinda vakillarimiz 2:3 hisobida mag'lub bo'lishgan. 2005-yil 12-noyabrda Qatarni 15:0 hisobida mag'lub etib, tarixdagi eng yirik g'alabaga erishgan bo'lsak, 2007-yil 18-oktabrda, "Grand Prix de Futzal" turnirida ishtirok etish uchun Braziliyaga safar uyushtirib, mezbonlardan yirik 13:0 hisobidagi mag'lubiyatni qabul qilib olganmiz va bu, hozirgi kungacha qayd etilgan eng yomon natijamiz bo'lib turibdi.

Ilk marta 1999-yili Osiyo chempionatida qatnashgan hamyurtlarimiz, ushbu musobqadan bugungi kunga qadar 4 marta kumush medalni va 4 marta bronza medalni o'ziniki qilib olishgan. Bundan tashqari futzalchilarimiz turli xil kichik turnirlarda ishtirok etib, sovrindorlar qatoridan joy olishgan. Ushbu natijalardan xulosa qilish mumkinki, futzalimiz avvaldan yaxshi bo'lgan.

Huddi katta futboldagi kabi, futzalimizning ham orzusi dunyodagi eng yirik turnir, ya'ni Jahon chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritish edi. Vaqti kelib bu vazifa ham uddalandi. 2016-yilda, Ispaniyalik mutaxassis Xose Maria Mendez O'zbekiston milliy terma jamoasi bilan JCH baxslarida ishtirok etish chiptasini qo'lga kiritib, tarixda qoldi. Mundialdagi ishtirokimiz esa gruh bosqichida yakunlandi. 2017-yili Mendez terma jamoa bilan hayrlashdi.

Shundan so'ng, o'zbek futzalining yaqin o'tmishdagi yulduzi va tirik afsonasi Bahodir Ahmedov terma jamoa bosh murabbiyligini qabul qilib oldi. Qaysidir ma'noda Ahmedov terma jamoadagi Mendezning uslubini saqlab qoldi va taktik sxemalarni yanada takomillashtirdi. Qilinayotgan mehnatlar natijasi o'laroq, o'zbek o'g'lonlari yana bir bor mundial yo'llanmasini qo'lga kirita oldi. Aytish kerakki, futzalchilarimizning JCHda munosib ishtirok etishi uchun barcha sharoitlar yaratib berildi. Bir qator dunyo reytingidagi eng kuchli terma jamoalar bilan o'rtoqlik uchrashuvlari bo'lib o'tdi. Bunga misol tariqasida amaldagi jahon chempioni Argentina terma jamoasi bilan Toshkentda o'tgazilgan ikki o'yinni keltirish mumkin.

Bilasiz, ayni paytda Litva davlatida Jahon chempionati uchrashuvlari bo'lib o'tyapti. "B" gruhidan o'rin olgan vakillarimiz dastlabki baxsda Gvatemala terma jamoasiga so'ngi daqiqalarda o'tgazib yuborilgan gol evaziga yutqazib qo'yishdi 4:5. Gruhdagi ikkinchi uchrashuvda Rossiyaliklar Misr darvozasiga javobsiz 9ta top kiritdi. 2-turda Terma jamoamiz Ruslarga munosib qarshilik ko'rsata olishgan bo'lsada, 2:4 hisobida mag'lubiyatga uchradi. Misr esa Gvatemalani 6:3 hisobida yengdi. 3- tur oldidan terma jamoamizning keyingi bosqichga chiqish imkoniyati hali ham saqlanib qolgan edi. Buning uchun Ruslar qanday hisobda bo'lsa ham Gvatemalani mag'lub etishi va terma jamoamiz ham Misrni qanday qilib bo'lmasin mag'lub qilishi kerak edi. Yakunda Rassiya terma jamoasi  Gvatemalani 4:1 hisobida taslim qildi va butun uchrashuvni katta hayajon bilan kuzatganimiz, Mirs-O'zbekiston uchrashuvida o'zimizning qorako'zlarimiz iroda ko'rsatib 1:2 hisobidagi g'alabani qo'lga kiritishdi va O'zbek futzali tarixidagi yangi sahifani yarata oldi.

Keyingi bosqichda O'zbekiston dunyoning eng kuchli ikki terma jamoalaridan biri, Argentina yoki Eron terma jamoasiga qarshi zalga chiqadi. Yoqimli natijalar-a, xulosa qiladigan bo'lsak, futbol qadami yetmagan joyni, ortig'i bilan bajardi futzal! shunday emasmi? Futzalchilarimizga keyingi baxslarda omad yor bo'lishini yaratgandan so'rab qolamiz.

 

Ibroxim Jalolov tayyorladi