ONSIDE | Futbol yangiliklari

Jahon chempionati - har ikki yilda. FIFAning ochkoʻzligi futbol olamini parchalashi mumkin

3726 21.10.2021 12:29

FIFA Jahon chempionatini har ikki yilda oʻtkazishni xohlaydi, Venger islohotlar uchun ish olib bormoqda. Futbol olami inqilob yoqasidmi?


Koʻproq pul kerak


Soʻnggi kunlarda FIFA va pul haqida gaplar koʻpaygandan koʻpaydi. Hatto oʻttiz yildan buyon FIFA brendi ostida mahsulot taqdim etayotgan video oʻyinlar ishlab chiqaruvchilari ham Xalqaro federatsiyaning ishtahasi ochilganidan charchadi va shartnomani uzaytirmoqchi emas. Chunki futbol mutasaddilari brenddan foydalanish huquqiga katta talablar qoʻyishgan. Toʻrt yil va Jahon chempionatiga qoʻshimcha video oʻyin ishlab chiqarish endi oldingisidan ikki baravar qimmatga tushadi. Yaʼni, milliard dollarga!
Bu, aslida, FIFAning har ikki yilda bir marta Jahon chempionati oʻtkazish rejasi bilan solishtirganda, arzimas narsa.


"Cardena SER" nashrining maʼlumotlariga koʻra, soʻz va niyat amalga aylanib, barcha milliy federatsiyalarga ikki yillik siklga oʻtish toʻgʻrisida xat keldi.  FIFA prezidenti Janni Infantino yangi xalqaro taqvim parametrlarini berib, yaʼni 7 ta turdan koʻp boʻlmasligi kerak boʻlgan saralash turnirlarini qisqartirish, shuningdek, futbolchilarning terma jamoalarda boʻlish muddatini bir yilida 50 kundan 30 kungacha qisqartirish rejalari orqali bu islohotlardan norozi boʻlgan klublarni qisman tinchlantirishi mumkin.


Buning uchun taqvimda terma jamoalar uchrashuvlariga ikki blok - mart va oktyabr oylari ajratiladi. Ikkinchi versiya oktyabr oyida klub turnirlarini toʻxtatishni va 28 kun ichida 7 ta saralash oʻyinini oʻtkazishni oʻz ichiga oladi. Taqdimotda yukni kamaytirishga misol sifatida 2014-yildan 2018-yilgacha 324 569 kilometr masofani bosib oʻtgan Lionel Messining parvoz jadvali keltirilgan. Yangi jadval bilan bu koʻrsatkich ikki barobar - 157 348 kilometrgacha kamayadi.


Statistika katta yolgʻonmi?


Aslida, bu tezislarning barchasi yaqinda FIFAda 2019-yildan buyon global futbolni rivojlantirish boʻlimi boshligʻi sifatida ishlagan Arsen Venger tomonidan aytilgan.  Agar biz oxirgi hujjatlarda klublar bilan umumiy til topishga urinishni koʻrsak, fransuz, boshqa narsalar qatorida, terma jamoalar haqida gapirib, barcha konfederatsiyalar xuddi shunday jadvalga oʻtishini taʼkidlagan.


Yaʼni, 2026-yilda muxlislar Jahon chempionatini, bir yildan soʻng - Yevro va boshqa qitʼa turnirlarini koʻrishadi.  "Pley -off uchrashuvlari koʻp, saralash oʻyinlari esa kamroq.  Muxlislar shuni xohlashadi", - deydi Venger "LʼEquipe" nashriga bergan intervyusida.


Toʻgʻri, Vengerning ham, FIFA vakillarining ham koʻp tezislari baʼzida mantiqdan mahrum.  Bir tomondan, klub murabbiylariga va futbolchilar uchun yirik turnirlardan soʻng 25 kunlik dam olish vaʼda qilingan. Shu bilan birga, klublar uchun taqvim qanday tuzilishi aniq emas.  Agar barcha konfederatsiyalar ikki yillik siklga oʻtadigan boʻlsa, unda har yili nafaqat bir yirik turnir, balki keyingisiga ham tanlov oʻtkazish kerak boʻladi.  Yaʼni, bir oylik oktabr kvalifikatsiyasi bilan boshqa bir variantning ham qabul qilinishi klub futbolini ikki marta taʼtilga chiqishga majbur qiladi - yozda bir yarim oy,  kuzda bir oy.


"Menimcha, buning yechimini topishimiz uchun bir yilda 400 kun boʻlishi kerak. Shundan soʻng biz boshqa turnir tashkil qilishimiz mumkin.  Balki UEFA yoki FIFA bu haqda oʻylar.  Muammo shundaki, hozir bizda kunlar juda kam", - deydi Xosep Gvardiola "Goal" nashriga bergan intervyusida. 


Bu orada FIFA buyurtmasi boʻyicha YouGov tomonidan oʻtkazilgan soʻrovnoma ham boʻlib oʻtdi. Respondentlarning 45 foizi joriy formatni saqlashga, yana 14 foizi "har uch yilda bir marta" formulasini yoqlagan. Yangi ikki yillik sikl tarafdorlari 30 foizni va xokkeyda boʻlgani kabi har yili jahon chempionatini tomosha qilishni xohlaydiganlar esa 11 foizni tashkil qildi. Biroq, rasmiylarning talqinida, koʻpchilik mundialni tez-tez koʻrishni xohlashi maʼlum boʻldi va ikki yil oraligʻi eng maʼquli deb topildi. 


ESPN telekanaliga bergan intervyusida Infantino hozirda ichki maslahatlashuvlar olib borilayotganini aytdi. Baʼzilar tarafdor, boshqalari qarshi, lekin prezidentning oʻzi tanlangan yoʻnalishning toʻgʻriligiga ishonmoqda.


"Har ikki yilda bir marta oʻtkaziladigan jahon chempionatining afzalliklari menga ravshan koʻrinadi. Yuqori darajadagi musobaqalar dunyoga umid va zavq bagʻishlash uchun koʻproq imkoniyatlar beradi. Turnir har toʻrt yilda bir marta oʻtkazilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda, 40 ta jamoa bor edi, hozir esa 211 ta. Jahon chempionatiga mezbonlik beshta davlat oʻrtasida taqsimlanadigan loyiha ustida ishlaydigan boʻlsak, 20 yildan keyin 100 ta mamlakat jahon chempionatlari tashkilotchilari boʻlishi mumkin", -  deydi Infantino.


Futbol urushi yoqasida?


"Cardena SER" nashrining maʼlumotlariga koʻra, Saudiya Arabistoni tashabbusi va qoʻllab-quvvatlashi bilan boshlangan jahon taqvimini isloh qilish toʻgʻrisidagi qaror dekabr oyining boshidayoq tasdiqlanishi mumkin. 166 mamlakatda aniq vaqt chegarasi yoʻq.  Ammo oʻtgan oyda FIFA kelajakdagi format boʻyicha toʻliq hisobot noyabr oyida eʼlon qilinishini aytdi.  Infantino endi loyihani yil oxirigacha tugatib, 2022-yilda FIFA kongressida ovozga qoʻyishga qaror qildi.


UEFA va KONMEBOL prezidentlari - Aleksandr Cheferin va Aleksandro Domingeslar yangi loyihaga darhol qarshi chiqishdi.


"Bu futbolni oʻldiradi, uning asosiy tamoyillariga zid.  Biz unda qatnashmaslikga qaror qilishimiz mumkin.  Bilishimcha, Janubiy Amerika biz bilan bir tomonda. Umid qilamanki, bunday boʻlmaydi, chunki bu futbolning asosiy tamoyillariga juda zid. Har yozda bir oy davom etadigan turnir oʻtkazish - futbolchilar uchun chinakam qotil.  Bundan tashqari, bu ayollar oʻrtasidagi jahon chempionati va futbol boʻyicha Olimpiya turniri bilan bir-biriga toʻgʻri keladi. Turnirning ahamiyati ham u aynan har toʻrt yilda bir marta oʻtkazilishida. Bu Olimpiya oʻyinlari kabi katta turnir.  Bizning federatsiyalarimiz buni qoʻllab-quvvatlamaydi deb oʻylayman", - deydi Cheferin sentyabr oyida "The Times" nashriga bergan intervyusida.


Ammo ovoz berishda faqat Yevropa va Janubiy Amerika ozchilikni tashkil qiladi.  Ammo islohotlar Osiyo (OFK) va Shimoliy Amerika (KONKAKAF) tomonidan qoʻllab -quvvatlanmoqda va Afrika futbolining yuqori mansabdor shaxslari (CAF) ham bu loyihaga qarshi emas. Koʻproq turnirlar - FIFA uchun koʻproq daromad degani.


Tashkilot  JCh -2018da rekord miqdorda - 6,1 milliard dollar ishlab oldi.  Oʻsha daromadni yana toʻrt yil kutish rasmiylar uchun mushkul, chunki Yevropa Superligasi deb nomlangan raqib ularning koʻz oʻngida shakllanayotgan edi. Demak, bu islohotlarning barchasi, UEFA va Superliga oʻrtasidagi jang kabi, katta pullar uchun urushdir. Agar bu masalalar tezda oʻz yechimini topmasa, unda yangi global jang oldindan aytib boʻlmaydigan oqibatlarga olib kelishi mumkin.


SHAXBOZ Qaxxorov tayyorladi