ONSIDE | Futbol yangiliklari

Sulsher va Kumanning dardi bir. "MYU" ham "Barsa" kabi o'zgarishlarga muhtoj

2877 26.10.2021 14:50

Angliya va Ispaniyada bo'lib o'tgan yakshanba kungi yirik o'yinlarning natijalari Ole-Gunnar Sulsher va Ronald Kumanning murabbiylik kelajagi borasidagi munozaralar darajasini oshirdi.  "Barselona" va "Manchester Yunayted" o'z mamlakatlarining top klublari bo'lib, bu jamoalar har doim e'tibor markazida ekanligi jumbushga kelgan muxlislar to'lqinlarida ham aks etadi. Aynan so'ngi natijalar bosh murabbiylarning ba'zilari iste'foga chiqish vaqti kelganini ko'rsatayotgandek, go'yo. 
 

Ole-Gunnar Sulsher ("Manchester Yunayted")

Isteʼfo sabablari: Premyer-liganing soʻnggi toʻrt turida uchta magʻlubiyat, bir durang va turnir jadvalida 7-oʻrin, oʻyinning degradatsiyasi, himoyadagi halokatli oʻyin va "Old Trafford"da "Liverpul"dan 0:5 hisobidagi alamli magʻlubiyat.


Sulsher deyarli 3 yildan buyon "Manchester Yunayted"ni boshqarib kelmoqda va norvegiyalik mutaxassis boshchiligidagi "qizil iblislar"da hech qanday sovrin yoʻqligini hisobga olsak, har bir top-klub murabbiyga u qadar koʻp vaqt va ishonch bermaydi.  Aslida 2021/22-yilgi mavsum Ole-Gunnar uchun atalgan boʻlishi kerak edi, ayniqsa klub muvaffaqiyatga yaqinlashish uchun amalga oshirgan yuqori darajadagi transferlarni hisobga olgan holda (Krishtianu Ronaldu, Rafael Varan va Jeydon Sancho).  Biroq Sulsher hali top futbolchi resurslarini barqaror oʻyin va natijaga aylantira olmadi.


Koʻpchilik ekspertlar ochiqchasiga "Manchester Yunayted"ga boshqa murabbiy kerakligini aytishdi, jamoa rahbarlari Sulsherga ishonchini yoʻqotayotgani haqida mish-mishlar ham avjida, ammo klub murabbiydan voz kechishga shoshilmayapti.  Qolaversa, "Liverpul"dan yirik hisobda uchralgan magʻlubiyatdan soʻng Olening nutqi "Manchester Yunayted"ning rasmiy manbalarida chop etildi, unda mutaxassis kelajakka optimistik qarashi va quyidagi uchta oʻyinda vaziyatni oʻzgartirishni maʼlum qilgan.


"Kelgusi hafta biz "Tottenhem" mehmoni boʻlamiz, keyin Chempionlar ligasi doirasida "Atalanta"ga qarshi oʻyin, keyin esa "Manchester Siti" "Old Trafford"ga tashrif buyuradi.  Biz bu oʻyinlarga tayyor boʻlishimiz kerak.  Keyingi mashgʻulotlarda biz hali ham birdam ekanligimizga ishonch hosil qilmoqchimiz va navbatdagi oʻyinga toʻgʻri kayfiyatda yondashmoqchimiz.  "MYU" oldin ham qiyin kunlarni boshdan kechirgan, ammo klub har doim qiyinchiliklarga qarshi tura olgan.  Orqaga qaytishning boshqa yoʻli yoʻq", - deydi Ole-Gunnar Sulsher.


Nega Sulsher qolishi kerak? Chunki klub muxlislari buni xohlashadi.  Ammo jiddiy aytganda, Sulsher bilan hozir xayrlashish uch yil behuda ketganini bildiradi.  Norvegiyalik murabbiy taslim boʻlmadi, u jamoa toʻgʻri yoʻlda ekanligiga ishonadi.  Klub uzoq muddat murabbiyga tayanib kelgani uchun biroz koʻproq vaqt chidash mantiqan toʻgʻri boʻladi.


Nega Sulsher ketishi kerak? Ole Gunnar haqiqatan ham yangi ser Aleks Fergyusonni boʻlishni xohlaydi, ammo norvegiyalikning xatolari va maʼlum usullarning noqulayligi murabbiyni oʻz darajasidan koʻtarila olmasligiga olib keladi. Haqiqat shundaki, Gvardiola, Klopp va Tuxel kabi APLning yulduz murabbiylari qarshisida Sulsher goʻyoki tajribasizroqday koʻrinmoqda, yaʼni jamoa va mutaxassis darajasi oʻrtasida farq sezilib qolganday.


Ronald Kuman ("Barselona")

Isteʼfo sabablari: Jadvaldagi oʻziga xos boʻlmagan oʻrin, Chempionlar ligasida umumiy hisobda 0:6 boʻlgan ikkita magʻlubiyat, yirik oʻyinlarni koʻngildagidek oʻtkaza olmaslik, 3 ta El Klasikoda 3 ta magʻlubiyat.


"Barselona" muxlislari "Real"dan uchralgan magʻlubiyatdan soʻng Kuman masalasida oʻz munosabatini bildirishdi, ammo klub rahbariyati murabbiyga ishonishda davom etmoqda, ular "El-Klasiko" oldidan bu oʻyin natijasi hal qiluvchi boʻlmasligini eʼlon qilishga ham ulgurishdi.  Kuman "Barselona" bilan barcha yirik oʻyinlarda magʻlub boʻldi, ammo hozir niderlandiyalik mutaxassis magʻlubiyatlar uchun kechiriladi va unga nisbatan qattiq choralar koʻrmaydi.


Nega Kuman qolishi kerak? "Barselona" bugungi kunning barcha qiyinchiliklarini tushunadi va Kumanni qiyin paytlar uchun toʻgʻri murabbiy sifatida koʻradi. Ehtimol, Ronald koʻproq eʼtibor beradigan yoshlarning rivojlanishi klub uchun kelajakda natijalarga erishish uchun katta bir imkoniyatdir. 


Nega Kuman ketishi kerak? Bu yondashuvda ma'lum bir xavf bor, chunki kuchsiz murabbiy jamoani va yosh yulduzlarni ruhiy jihatdan buzishi mumkin, ular yoshligida rivojlanishiga yanada ta'sir qilishi mumkin bo'lgan komplekslarni oladi.  Agar klub murabbiyga natijalar uchun minimal talablar taqdim etmasa, jamoa Chempionlar Ligasi pley-offiga chiqish va La Liganing kuchli 4-ligiga kirishda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin.


SHAXBOZ Qaxxorov tayyorladi