ONSIDE | Futbol yangiliklari

Jangchi uchun jang. Holand uchun kurashning 8 favoriti

12306 28.10.2021 11:47

Yozgi transfer oynasi soʻnggi yillardagi eng voqealarga boy mavsumlardan biri boʻlib kelmoqda.  Lionel Messi “Barselona”ni tark etdi, Krishtianu Ronaldu esa kutilmaganda “Manchester Yunayted”ga qaytdi.  Ammo bu kutilmagan transferlar keyingi yoz bizga shu kabi shov-shuvlarni taqdim etmaydi degani emas. 


Navbatdagi transfer oynasining asosiy qahramonlari katta ehtimol bilan "PSJ" hujumchisi Kilian Mbappe va Dortmundning "Borussiya" klubi forvardi Erling Holand boʻladi.  Fransuz bilan hammasi ozmi-koʻpmi aniq - u yo parijliklar bilan shartnomani uzaytiradi yoki "Real"ga oʻtadi.  Ammo norvegiyalik yulduz bilan koʻp narsa unchalik oddiy emas.


Holandning "Borussiya" bilan joriy shartnomasi 2024-yilning iyunigacha amal qiladi.  Ammo futbolchining kelishuvida istalgan klub kelasi yozda uni 75 million yevroga sotib olishi mumkin boʻlgan variant bor.  Bir tomondan, bu pandemiyadan keyingi davrda munosib miqdor.  Boshqa tomondan, dunyoning eng yaxshi hujumchilaridan biri uchun bu unchalik katta pul emas. 21 yoshli hujumchi uchun kurash oʻtgan yozda boshlangan edi. "Bumblebees" oʻyinchini saqlab qolishga muvaffaq boʻldi, chunki klub Erling uchun istalgan miqdorni soʻrashlari mumkin boʻlgan sharoitda edi.  Ammo bu mavsum yakunida nemislar eng yaxshi toʻpurarini yoʻqotishi mumkin. Keling, birgalikda uning transferini amalga oshirishga qodir boʻlgan 8 ta asosiy daʼvogar klublarni koʻrib chiqamiz.


"Manchester Siti"


Amaldagi Angliya chempioni Holandga asosiy daʼvogarlardan biri hisoblanadi.  Oʻtgan yozda "Man Siti" "Tottenhem" hujumchisi Harri Keynni qoʻlga kiritishga urinib koʻrdi, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchradi.  “Shaharliklar” kelasi yozda Keyn bilan muzokaralarga qaytishlari dargumon.  Holand ular uchun ustuvor nomzod boʻladi va bundan tashqari u ingliz lideriga nisbatan arzonroq.


7 yoshga kichikroq va 25 millionga arzonroq boʻlgan bir xil darajadagi sifatli hujumchi olishingiz mumkin boʻlsa, Keynni 100 million yevroga (yoki shunga oʻxshash katta summaga) sotib olishning nima keragi bor?  Norvegiyalik forvardning oʻzi uchun ham "Manchester Siti" varianti ajoyib imkoniyat boʻlishi mumkin.  Birinchidan, "shaharliklar" uning moliyaviy ehtiyojlarini qondira oladi.  Ikkinchidan, jamoada faqat bitta markaziy hujumchi bor - Gabriel Jezus.  Futbolchiga jamoa asosiy tarkibidan joy olishi ham qaysidir maʼnoda kafolatlangan.


"Manchester Yunayted"

Holand "Borussiya"ga oʻtishidan oldin ham "Manchester Yunayted" bilan aloqada boʻlgan edi.  Bunga asosiy sabab “Yunayted” ustozi Ole-Gunnar Sulsher, uning rahbarligida futbolchi “Molde”da oʻynagan.  Mankunianliklarda maʼlum moliyaviy muammolar bor, lekin ular tarkibni mustahkamlash uchun doimo mablagʻ topib kelgan.  Bundan tashqari, klubni kelasi yozda birdaniga 2 nafar hujumchi – Antoni Marsiyal va Edinson Kavani tark etishi mumkin. Shunda "MYU"da markaziy hujumchidan faqat Krishtianu Ronaldu qoladi. 


"Yunayted" odatda hujumda bir oʻyinchi bilan saf tortadi.  Ammo Holandning kelishi bu borada muammo boʻlmaydi, chunki portugaliyalik yulduz vinger sifatida ham oʻynashi mumkin.  Mish-mishlarga koʻra, norvegiyalik futbolchiga "Manchester Yunayted" hamon qiziqish bildirmoqda.  Mankunianliklarga bu transfer uchun mablagʻ topish unchalik ham katta muammo emas, Sulsher esa futbolchi bilan muzokaralarda muhim elementga aylanishi mumkin.


"Chelsi"

Holand uchun talablarni ko'tara oladigan yana bir ingliz klubi. Transfer taqiqi olib tashlanganidan keyin "Chelsi" qimmatli xaridlarni amalga oshirmoqda.  O'tgan yozda ham "ko'klar" norvegiyalik futbolchiga jiddiy qiziqish bildirgandi, ammo yakunda "Inter"dan Romelu Lukakuni qaytarib, uning uchun 115 million yevro to'lashdi.  Shu bilan birga, "aristokratlar"dagi "Borussiya"ning eng yaxshi to'purariga bo'lgan qiziqish saqlanib qolmoqda.


Timo Vernerning Londondagi kelajagi noaniqligicha qolmoqda. London klubi kelasi yozda Timoni sotishi ehtimoli yuqori.  Shundan so'ng "Chelsi" jamoasi boshqa hujumchiga joy bo'shatib beradi va klub hisobida yaxshi miqdor paydo bo'ladi.  "Ko'klar" Vernerni sotsa, yana Holandga da'vo qilishiga shubha yo'q.  Lukaku bilan norvegiyalik yulduz tandemi juda qiziqarli bo'lishi mumkin, chunki Romelu faqagina yaxshi yakunlovchi bo'lmay, yaxshi yordamchi hamdir.


"PSJ"

Fransiya vitse-chempionlari eng yaxshi futbolchilar bilan bog'liq transferlarda yana ko'rinish berishi mumkin.  Kilian Mbappe bilan bog'liq noaniq vaziyatni hisobga olsak, bunga yana bir sabab bor. "PSJ" futbolchini saqlab qolish uchun bor kuchi bilan harakat qilmoqda.  Ammo agar Kilian "Real"ga ketadigan bo'sa, parijliklar darhol uning darajasidagi o'rinbosar izlay boshlaydi.  Holand esa bu reja uchun ayni nomzod hisoblanadi. "PSJ" futbolchining ham, uning agenti Mino Rayolaning ham moliyaviy talablarini qondirishiga shubha yo'q. 


Yana bir savol, norvegiyalik Parij klubiga o'tishni xohlaydimi?  Mish-mishlarga ko'ra, Fransiya vitse-chempionlari allaqachon forvard bilan bog'lanishgan. U parijliklarga o'tishdan manfaatdor emasligini aytdi.  Ammo "PSJ" unchalik oson taslim bo'lmaydi.  Agar parijliklar Messini qo'lga kirita olgan bo'lsa, unda Holandda imkoniyatlar qoladi, albatta.


"Real Madrid


"Real"ning yozdagi asosiy transfer maqsadi - Mbappe.  Ammo fransuz "PSJ"da qoladigan bo'lsa, "qaymoqranglilar" Holand nomzodiga o'tadi. Albatta, bu transfer uchun Madrid klubida mablag' bor. Ortda qolgan transfer oynasida "blankoslar" yarim himoyachi Eduardo Kamavinga uchun bor-yo'g'i 31 million yevro sarfladi. Bundan tashqari klub o'z futbolchilarini ham muntazam ravishda sotishdi. 


Hattoki La Liga prezidenti Xaver Tebas ham “qirollik klubi”ning koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qanchalik qatʼiy chidaganiga qoyil qoladi.  Karim Benzema hozir yaxshi formada, ammo unga uzoq muddatli o'rinbosar kerak. Mariano Dias va Luka Yovich "qaymoqlilar" ishonadigan futbolchilar emas. Muvaffaqiyatsiz Eden Azar kelishuvidan so'ng, "blankos" uzoq vaqtdan beri tejamkor rejimga o'tishdi, ammo keyingi yozda ular "bomba" transfer ustida ishlashlari kerak. Sababi hozirda hamma narsa bunga ishora qilmoqda.


"Barselona"

Hech kimga sir emaski, “Barselona”ning moliyaviy ahvoli ochiqchasiga yomon.  Ammo o'z brendi tufayli kataloniyaliklar xususiy kompaniyalar uchun jozibador bo'lib qolmoqda.  Ispaniya ommaviy axborot vositalarining yozishicha, bir vaqtning o'zida bir nechta investitsiya fondlari Holand bilan shartnoma imzolashda "ko'k-anorranglilar"ga o'z yordamini taklif qilishgan. "Barselona" esa bu boradagi imkoniyatlarini o'lchash bilan band.


Kataloniyaliklar Holand transferini juda xohlashadi, chunki Serxio Aguero, Martin Braytveyt va Lyuk de Yong uzoq muddatli o'yinchilar emas. Ammo bu uchun "Barsa" futbolchining moliyaviy ehtiyojlarini qondirishi kerak bo'ladi, ya'ni yiliga kamida 10 million yevro.  “Barselona” endi yosh va sifatli hujumchi bilan shartnoma imzolash imkoniyatiga ega – bu ularga kerak.  Kataloniyaliklar hamon o'z imkoniyatlarni baholash bilan mashg'ul, ammo bu masalada kechikish ularga qimmatga tushishi mumkin.


"Liverpul"

Britaniya matbuoti xabariga ko'ra, mersisaydliklar Holand bilan shartnoma imzolash variantini ko'rib chiqmoqda. Erlingning Liverpulga ko'chib o'tishi qanchalik haqiqatga yaqin?  Bu ko'p jihatdan Muhammad Saloh atrofidagi vaziyatga bog'liq bo'ladi.  "Liverpul" futbolchini o'zida saqlab qolmoqchi, ammo buning uchun klub u bilan rekord darajadagi shartnoma imzolashi kerak.  Agar misrlik kelasi yozda "qizillar" safini tark etsa, ular "Borussiya" forvardi uchun sarflanishi mumkin bo'lgan summani yig'ishni boshlashadi.  Ammo Saloh sotilmagan taqdirda ham, bu narsa amalga oshishi mumkin. 


Mersisaydliklar oxirgi paytlarda unchalik ko‘p mablag‘ sarflamayapti.  Qolaversa, hujumchilar Roberto Firmino va Divok Origini ham jamoani tark etishi mumkin. Demak, "qizillar" yangi forvard uchun tarkibdan joy bo'shatishi bilan birga, maoshlar ro'yxatidan ham joy ocha oladi. Xullas, nima bo'lgan taqdirda ham, "Liverpul" Erling uchun haqiqiy da'vogar.


"Bavariya"

"Bavariya" sport direktori Hasan Salihamidjich yaqinda bergan intervyusida  "rekordmeyster" Holandni kuzatib borayotganini tasdiqladi.  Myunxen klubining transfer strategiyasini inobatga olgan holda shuni aytishimiz mumkinkin bu transfer haqiqatga yaqin bo'lsa yaqinki, uzoq emas.  Hozirda norvegiyalik futbolchining bir chempionat doirasida o'z klubini o'zgartirishini tasavvur qilish qiyin. 


Hatto "Bavariya" boshqaruvining sobiq rahbari Karl-Xaynts Rummenigge ham Erlingning "Borussiya"dan ketganidan keyin Germaniyada qolishi imkonsiz ekanligini tan oldi.  Ammo futbolda hamma narsa mumkin, Myunxen klubida hamisha yaxshi futbolchi uchun pul bo'ladi.  Robert Levandovski optimal holatda bo'lgan taqdirda ham Nemis grandi Holandni nishonga oladi.

 

SHAXBOZ Qaxxorov tayyorladi