ONSIDE | Futbol yangiliklari

"Yoqimtoy" "Ayaks" yulduzlarini eslaymiz: kimda omadli, kimda omadsiz transfer?

11065 23.12.2021 20:50

Ko'hna qit'aning eng nufuzli turniri sanaladigan Yevropa Chempionlar ligasining 2018-19-yilgi mavsumi o'zgacha voqealari bilan hammaning esida qolgan. O'sha mavsumda Niderlandiya futbolining yetakchi klubi “Ayaks”ning yorqin o'yinlari va yosh tarkibi ko'plab futbol ixlosmandlarining qiziqishiga sababchi bo'lib, ularning o'yinini o'zgacha qiziqish bilan tomosha qilishga majbur qilgan.


O'zida yosh talantlarini jamlagan golland klubi o'sha mavsumning eng kutilmagan natijalar ko'rsatgan va yaqqol porlab chiqqan jamoasi bo'lgandi. Aslida “Ayaks” uzoq va yaqin o'tmishda ham shunday ajoyib o'yinlar ko'rsatib, jahonning top klublari safida turgan hamda o'z tarixida 3 marta YCHL g'olibligini ham qo'lga kiritgan.
Bir necha yillik tanaffusdan keyin Erik Ten Hag shogirdlari dunyoga golland futbolining nafaqat nimalarga qodirligini eslatib qo'ydi, balki o'z natijalari bilan ko'plab muxlislarning ham qalbidan joy oldi desak, mubolag'a bo'lmaydi.


Guruh bosqichi bahslaridayoq jamoa Myunxenning “Bavariya”siga qarshi har ikkala o'yinda ham mag'lubiyatga uchramay nimchorak final yo'llanmasini qo'lga kiritdi. Qur'a natijasiga ko'ra, turnirning so'nggi 3 mavsumi g'olibi hisoblangan “Real Madrid”ga raqib bo'lishdi. Ko'pchilik shunda, madridliklarni keyingi bosqichga chiqadi, deya taxmin bildirgandi. Biroq, gollandlar YCHL gegemonlarini “Santyago Bernabeu”ning o'zida yirik hisobda mag'lubiyatga uchratib turnirni erta yakunlashga majbur etishdi.
Keyingi navbat esa tarkibida madridliklar safini tark etgan Krishtianu Ronaldusi bor “Yuventus” klubi edi. Bu safar ham amsterdamliklar italyan jamoasini sensatsion tarzda mag'lubiyatga uchratib, ularni ham musobaqadan chiqarib yubordi.



Yosh tarkibi bilan Yevropaning grand klublaridan ustun kelib, yorqin o'yinlar namoyish etgan golland jamoasini ko'plab mutaxassislar va muxlislar, hattoki finalda ham g'alaba qozonadi, deya ishonch bildirishgan. Biroq bunga Londonning “Tottenhem” klubi yo'l qo'ymadi. O'sha mashhur o'yinda “shporlar” gollandlarning yirik ustunligiga qaramay, so'nggi daqiqalardagi dramatik o'yini evaziga g'alabani qo'lga kiritadi. 90+5-daqiqada “Tottenhem” hujumchisi Lukas Moura tomonidan kiritilgan gol niderlandiyaliklarning finalga bo'lgan barcha umidlarini yo'q qilib yubordi.


Shunday qilib finalga chiqa olmagan bo'lsa-da, “Ayaks” muxlislarga esda qolarli mavsumni taqdim etdi. Tabiiyki, klubdagi yosh iqtidorlarning ajoyib va yorqin o'yinlari grand klublarning “ishtahasini ochib yubordi”. Mavsum yakunlanishi bilan “Ayaks”ni katta transferlar kutib turgan edi. Iste'dodli futbolchilarga ko'z tikib turgan top jamoalar golland klubi yetakchilari orqali o'z tarkiblarini kuchaytirib olishni maqsad qilishgan edi va qaysidir ma'noda ba'zilari bunga erishishdi ham. Bu transferlardan “Ayaks” yaxshigina pul ishlab oldi.  Niderlandiya esa yana bir bor jahonga yulduz futbolchilarni yetishtirib berish bo'yicha yetakchilardan ekanligini isbotlab qo'ydi. Keling, o'sha ajoyib mavsumda transfer qilingan iqtidor egalarini yodga olamiz. Hozir ular qayerda, hali ham o'sha yorqin sport formalarida yangi jamoalariga foyda keltirishmoqdami? Ushbu transferlar qanchalik omadli bo'ldi? Birgaliklar ularni tahlil qilamiz.


1.Frenki de Yong

Ketgan klubi: “Barselona”
Transfer summasi: 75 mln yevro
Yutgan sovrinlari: Ispaniya Kubogi 2020-21


Yarim himoyadagi yorqin o'yinlari orqali ispan grandi “Barselona”ning e'tibori markaziga tushgan De Yong, katta umidlar bilan jamoaga taklif qilinadi. U jamoada afsonaviy Xavi, Inyesta singari futbolchilarning o’rnini egallashi kutilgandi. Bundan tashqari, futbolchi bolaligidan ushbu jamoada to'p surish orzusida bo'lgan. Markaziy zonada yetakchi boʻlishi kutilayotgan futbolchi jamoaning kelajagiga aylanishi kerak edi.


Shu sababli u ilk mavsumidanoq jamoaning asosiy tarkibidan muqim joy egallaydi. Ishonchli va xatosiz oʻyinlari tufayli u barcha murabbiylarning ishonchini qozona oldi. Kike Setyen, Ronald Kuman va Xavi singari turli murabbiylar boshqaruvida ham yarim himoyada kerakli futbolchi boʻla oldi. Xolisona fikr bildirsak, u Kataloniyada juda yaxshi oʻynadi, ammo “Ayaks”dagi oʻyiniga qaraganda bu uning faoliyatidagi choʻqqi boʻla olmadi.


2.Matteys de Ligt

Ketgan klubi: “Yuventus”
Transfer summasi: 75 mln yevro
Yutgan sovrinlari: A Seriya 2019-20, Italiya Kubogi 2020-21, Italiya Superkubogi-2020


Liderlik qobiliyati bilan tengdoshlaridan ajralib turuvchi, himoyadagi kuchli oʻyinlari orqali koʻpchilikning yodida qolgan Matteys de Ligtning transferi kutilganidek omadli boʻlmadi. Yosh jamoa sardori koʻpchilik mutaxassislar tomonidan Puyolga oʻxshatilardi, shu sababli uning Pike bilan “Barsa”da ajoyib tandem hosil qila olishiga ishonishgandi. Biroq uning keyingi manzili Ispaniya emas, Italiya tomon boʻldi. Frenki de Yongni xarid qilgan Kataloniya klubi de Ligtni ham sotib olishga moddiy jihatdan qodir emasdi.


Shu vaziyatda  himoyaviy futboli bilan mashhur Italiya uni oʻz bagʻriga chorlaydi. Turinning  “Yuventus” klubi ushbu qahramonliklari evaziga golland himoyachisini Kyelliniga oʻrinbosar sifatida oʻz safiga qoʻshib oladi. 75million yevroga baholangan himoyachi jamoaga qoʻshilishi bilanoq asosiy tarkibdan joy oladi. Ilk mavsumda u turinliklar bilan “Skudetto”ni qoʻlga kiritib, klubning ketma-ket 9-yil chempionlikni qoʻlga kiritishida muhim rol oʻynaydi.


Biroq, u Turin klubi himoyasida “Ayaks”dagi kabi muvaffaqiyatli oʻynamaydi. Sobiq jamoasida u almashtirib boʻlmas oʻyinchi maqomida boʻlgan, lekin “Yuve”da u bunday darajaga chiqa olmadi. Istalgan paytda uning oʻrnini Kyellini, Bonuchchi va hattoki, Rugani ham bosib keta olgan. Shu sababli, biz bu transferni u qadar omadli chiqmagan, degan xulosaga kelamiz.
 


3. Donni Van de Bek

Ketgan klubi: “Manchester Yunayted”
Transfer summasi: 40 million yevro
Yutgan sovrinlari: yoʻq


“Ayaks”ning porlagan mavsumidan keyin jamoani bir qator yetakchilar tark etganiga qaramay, Van de Bek oʻz klubini oʻzgartirishga shoshilmaydi. Albatta unga ham yaxshi takliflar boʻlgan, biroq u Amsterdamda yana bir mavsum qolishni afzal biladi. Yarim himoyachi aslida “Ayaks” tarbiyalanuvchisi hisoblanib, jamoa safida 2015-yildan buyon harakat qilib kelar edi. U yetakchilarning klubni tark etgan soʻngi, 2019-20 yilgi mavsumida Niderlandiya chempionatida jami 23 ta oʻyinda ishtirok etib, 8 ta gol va 6ta golli uzatma amalga oshirishga muvaffaq boʻlgandi.


2020-yil “Manchester Yunayted” yarim himoyasini Van de Bek orqali kuchaytirish maqsadida uni 40 million evaziga sotib oldi. Garchi u “qizil iblislar” tarkibiga qoʻshilganidan keyingi debyut oʻyinidayoq gol urishga muvaffaq boʻlgan boʻlsa-da, keyingi oʻyinlarda yarim himoyadagi raqobat sabab oʻzini koʻrsata olmaydi. Shu sababli, zaxirada koʻp qolib ketayotgan Donnining transferi ham kutilganidek omadli boʻlmadi.


4. Hakim Ziyesh

Ketgan klubi: “Chelsi”
Transfer narxi: 40 million yevro
Yutgan sovrinlari: UEFA Chempionlar Ligasi 2020-21, UEFA Superkubogi-2021


Marokashlik futbolchi ”Ayaks”da Chempionlar Ligasi yarim finaliga chiqqan mavsumda ham, undan keyingi mavsumda ham jamoaning eng koʻzga koʻringan, yetakchi futbolchilaridan biri edi. Ziyesh yorqin mavsumdan soʻng klubdan darhol ketmadi, aksincha, Van de Bek singari u ham Amsterdamda yana bir yil qolib, klub uchun oʻynab berdi. Biroq top klublar koʻz tikib turgan hujumchini niderlandiyaliklar uzoq vaqt olib qolisha olmadi. Angliyaning “Chelsi” klubi marokashlik futbolchini xarid qildi.


Umuman olganda Hakim ingliz jamoasiga yaxshi moslashib ketdi, sababi, u oʻzi ishtirok etgan koʻplab oʻyinlarda ketma-ket gollar ura boshladi. Debyut mavsumidayoq  “Chelsi”ning Yevropada tengsiz boʻlishida oʻz hissasini qoʻshdi. Lekin murabbiy Tomas Tuxel unga toʻliqligicha ishonch bildirmadi. U ham MYUga oʻtgan sobiq jamoadoshi singari koʻplab oʻyinlarda zaxirada qolib ketmoqda. Shu sababli, Marokash terma jamoasi yetakchisi bundan norozi boʻlib, jamoani tark etishni niyat qilgan.


Ziyesh joriy mavsum “Chelsi” safida atigi 10 ta oʻyin oʻtkazib, 2 ta gol va 1 golli uzatmani amalga oshirdi. Uning transfer bozordagi qiymati 38 million yevroni tashkil qiladi. Xulosa — omadsiz transfer.


5. Kasper Dolberg

Ketgan klubi: “Nitsa” (Fransiya)
Transfer narxi: 20.5 million yevro
Yutgan sovrinlari: yoʻq


Daniyalik yosh iqtidor egasi “Ayaks”ning 2017-yilgi Yevropa Ligasi finaliga chiqishida koʻrsatgan qahramonliklari sabab koʻpchilikning yodida qolgan. Ammo keyingi yillar hujumchi u qadar koʻzga tashlanmaydi va uni 2019-yilda Fransiyaning kamtargina “Nitsa” klubi sotib oladi.


U Fransiyadagi birinchi mavsumini 11 ta gol bilan klubning eng yaxshi toʻpurari sifatida yakunlaydi va  jamoaning “Mavsumdagi eng yaxshi futbolchisi” deb topiladi. Chunki “Nitsa” ichki chempionatda 5-chi oʻrinni egallab, keyingi mavsum uchun Yevropa Ligasi yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan edi.


2020-21-yilgi mavsumni esa Dolberg “Strasburg”ga qarshi oʻyindagi dubli bilan boshlagan. Koʻrinib turganidek, “Ayaks”da asosan, zaxiradan oʻyinga qoʻshilib, oʻyinni kuchaytiruvchi figura boʻlgan Kasperning transferi u qadar omadsiz boʻlmadi. Sababi, u jamoada asosiy figura boʻlishga erisha oldi.


6. Joel Veltman

Ketgan klubi: “Brayton”
Transfer narxi: 1 million yevro
Yutgan sovrinlari: yoʻq


Veltman biz yodga olgan 2018-19-yilgi mavsumning koʻp qismini jarohati sabab oʻtkazib yuborgandi, ammo Chempionlar Ligasi chorak finalida “Yuventus”ga qarshi oʻyinda u oʻyinning eng yaxshi futbolchilaridan biri boʻlibgina qolmay, turinliklarning koʻplab hujumlarini yoʻqqa chiqara olgan. “Ayaks” tarbiyalanuvchisi boʻlgan himoyachi Van de Bek va Ziyesh singari yana bir mavsum jamoa formasida toʻp suradi va oʻzining yaxshi darajasini yoʻqotmaslikka harakat qiladi. Keyinchalik esa, ingliz futbolining oʻrtamiyona jamoasi boʻlgan “Brayton” tarkibiga kelib qoʻshiladi. Ushbu transfer sarflangan puliga nisbatan oʻzini oqladi, sababi Veltmanning hozirgi transfer narxi 8 million yevroni tashkil qilmoqda. Xulosa — omadli transfer!


Durdona Yo'ldosheva tayyorladi