ONSIDE | Futbol yangiliklari

Ushbu qishning eʼtibor markazidan chetda qolgan top-5 transferlari

7457 17.01.2022 18:39

Yanvar oyining ikkinchi haftasi ham toʻliq yakunlandi. Tabiiyki, futbol olamida bu paytda transfer bozori avj olib, xaridlar soni koʻpaymoqda. Klubi bilan shartnomasi yakunlangan futbolchilar oʻzlariga yangi klub topishda, jamoalar esa oʻz tarkiblarini kuchaytirish uchun yangi futbolchilarni xarid qilishda davom etyapti.


Soʻnggi bir necha kun ichida biz Lyuka Din va Filippe Koutinyoning “Liverpul”dagi sobiq jamoadoshi Stiven Jerrard murabbiyligidagi “Aston Villa”ga, Kiran Trippyer va Kris Vud singari futbolchilarning esa arab shayxlari tomonidan moliyalashtirilayotgan “Nyukasl”ga oʻtganining guvohi boʻldik.


Ammo, bular bilan bir qatorda shov-shuvlarsiz kechgan transferlar ham boʻldi.  Toʻgʻri, ular ishtirokidagi koʻchishlar ham bir vaqtlar ancha shovqinli boʻlgan, biroq hozirga kelib, bu xaridlar u qadar omma eʼtiborida boʻlmayapti. Demak, sizni ushbu transferlar bilan tanishtiramiz.


5. Serxio Oliveyra

Sobiq klubi: “Portu”
Yangi klubi: “Roma”
Transfer shakli: ijara


Faoliyatining ulkan qismini “Portu”ga bagʻishlagan portugaliyalik yarim himoyachi oʻz hamyurti Joze Mourinyo boshchiligidagi A Seriyaning “Roma” klubiga oʻtdi. 13,5 million yevro sotib olish imkoniyatini oʻz ichiga olgan kredit evaziga rimliklar uni xarid qildi.


4. Kshishtof Piyontek

Sobiq klubi: "Gerta"
Yangi klubi: "Fiorentina"
Transfer shakli: ijara


Polshalik hujumchi “Jenoa” klubida faoliyatining eng gullagan davrini oʻtkazdi. Uning ketma-ket gollari, oʻyinlardagi sermahsulligi oʻsha paytlarda koʻplab futbol ixlosmandlari va mutaxassislarining eʼtiborini tortgandi. Shu sababli unga grand jamoalardan ham takliflar tusha boshladi. Pyontek shunday takliflardan birini qabul qilib, A Seriyadan uzoqlashmagan holda “Milan” bilan 2023-yilga qadar shartnoma imzoladi. Biroq uning Milandagi yurishi u qadar muvaffaqiyatli boʻlmaydi. 2020-yilda jamoa uni Germaniyaning “Gerta” klubiga transfer qiladi. Bu yerda ham uzoq vaqt qola olmagan polshalik hujumchi ushbu yozda “Fiorentina”ga ijaraga berib yuborildi.


3.Ensli Meytlend-Nayls

Sobiq klubi: “Arsenal”
Yangi klubi: “Roma”
Transfer shakli: ijara


“Arsenal” klubi akademiyasi tarbiyalanuvchisi Ensli 2014-yildan boshlab jamoa sharafini himoya qilib kelayotgan edi. 2015-16-yilgi mavsumda “toʻpchilar” uni yetarlicha oʻyin amaliyotiga ega boʻlishi uchun Angliyaning “Ipsvich Taun” jamoasiga ijaraga berib yuboradi. Keyingi mavsum jamoasiga qaytgan angliyalik himoyachi 2020-yilga qadar doimiy tarzda murabbiylar ishonchini oqlab, asosiy tarkibda oʻzini yaxshi namoyish eta oldi.


Biroq Mikel Arteta boshqaruvidagi “Arsenal”da u raqobatga dosh bera olmaydi va zaxiraga mixlanib qoladi. Natijada Nayls “Vest Bromvich”da 1 yil ijarada toʻp surib, qaytganidan soʻng koʻp oʻtmay, ijara shartnomasi asosida A Seriyaning “Roma” klubiga koʻchib oʻtadi.


2. Shinji Kagava

Sobiq klubi: PAOK
Yangi klubi: “Sint-Truiden”
Transfer shakli: Erkin agent


Yarim himoyachining yorqin karyerasi 2010-19-yillar davomida “Borussiya Dortmund” klubida oʻtgan. U nemis jamoasida asosiy tayanch futbolchilardan biri hisoblangan. “Asalarilar” tarkibida 216 ta oʻyinda maydonga tushgan yaponiyalik Shinji 60 ta gol va 55 ta golli uzatmani amalga oshirishga muvaffaq boʻlgan.


Shuningdek, Kagava 2012-13-yilgi mavsumlarda “Manchester Yunayted”da ham toʻp suradi. “Qizil iblislar” sharafini 57 ta oʻyinda himoya qilgan futbolchi 2019-yilda Ispaniyaning quyi divizionidagi “Real Zaragosa” klubida faoliyatini davom ettiradi. Shundan soʻng u Gretsiya chempionatidagi PAOK klubiga oʻtadi. Joriy yildagi qishki transferlar oynasida esa eʼtibor markazidan chetda qolgan futbolchi “Sent-Truiden” klubi bilan shartnoma imzolaganini eʼlon qildi.


1. Diego Godin

Sobiq klubi: “Kalyari”
Yangi klubi: “Atletiko Mineyro”
Transfer shakli: erkin agent


Urugvaylik himoyachi professional faoliyatini 2007-yil “Villareal”da boshlagan. 2010-yilga kelib “Atletiko Madrid” bilan 5 yillik shartnoma imzolaydi va shundan so'ng u klub tarixidagi eng yaxshi himoyachilardan biriga aylanadi. 9 yil madridliklar tarkibida haqiqiy devor vazifasini o'tab bergan Godin 2019-yilda jamoani tark etishini e'lon qildi. 33 yoshli himoyachini Milanning “Inter” klubi o'z safiga qo'shib oldi. “Inter”da ham ajoyib o'yinlar o'tkazgan urugvaylik futbolchi keyingi mavsumni “Kalyari”da davom ettirdi.


Oxir-oqibat o'z vatani joylashgan qit'adagi “Atletiko Mineyro” klubiga ko'chib o'tdi va shu yerda faoliyatini yakunlamoqchi ekanligini ma'lum qildi. Albatta, futbolchi shonli faoliyat o'tkazdi, biroq endi bu ko'chishlar ortiq futbol muxlislari e'tibor markazida bo'lmasligi aniq.


Durdona Yo'ldosheva tayyorladi