ONSIDE | Futbol yangiliklari

Zidan va Ramosdan Gvardiola va Puyolgacha: Birga muvaffaqiyat qozongan sobiq jamoadoshlar top-5 taligi

7593 27.01.2022 11:50

Futbol – an'ana va qadriyatlarni qadrlovchi ajoyib sport turi. Odatda biror jamoaning muxlislari o'zining sevimli futbolchisi bir kun kelib shu klubga murabbiy bo'lganida, ich-ichidan boshqacha tuyg'ularni boshdan kechiradi. Sababi, bu futbolchini bir vaqtlar o'yinini sevib tomosha qilishgan va ularda uning murabbiy sifatida ham jamoada buyuk ishlar qila olishiga ishonish hissi bo'ladi. Mana shu narsa futbolda jamoaviy qadriyat deyiladi.


Zamonaviy futbolda bunday voqea-hodisalar ko'p kuzatilmoqda, sababi aksariyat mutaxassislar klub ruhiga ega bo'lgan futbolchi uni murabbiy sifatida ham cho'qqilarga olib chiqa olishini ta'kidlashmoqda. Tabiiyki, ular bir vaqtlar jamoadosh bo'lgan futbolchilariga murabbiy bo'lishadi. Bunga misollar talaygina. Qachonlardir “Liverpul”da birga to'p surgan Filippe Koutinyo va Stiven Jerrard hozirda mana shunday maqomda faoliyat yuritmoqda, faqat boshqa jamoada. “Aston Villa” klubida sobiq jamoadoshlar ustoz-shogird maqomida faoliyat olib bormoqda.


Bugun biz ana shunga o'xshash, sobiq jamoasini yaxshiroq pog'onalarga olib chiqish uchun unga murabbiy sifatida qaytgan va eski jamoadoshlariga ustoz bo'lgan mutaxassislar haqida so'z yuritamiz, o'ylaymizki bu bir jamoaning uzoq yillik muxlislari uchun qiziq bo'ladi. Demak, boshladik.


Murabbiy: Pep Gvardiola
Sobiq jamoadosh va shogirdlari: Karles Puyol & Xavi

Albatta, XXI asr futbolida yangi va o'zgacha sahifa ocha olgan, ba'zilar uchun esa tengsiz o'yin uslubi yarata olgan Pep Gvardiolani ushbu ro'yxatimizda birinchilardan bo'lib ta'kidlashimiz lozim. Sababi, futbolchi sifatida ham u Kataloniya klubida tengi yo'q sovrinlarni ko'p bora qo'lga kiritgan va murabbiy sifatida ham bu ishni yana takrorlay olgan.


Puyol va Xavi jamoaga endi kelib qo'shilgan yillarda Gvardiola ancha tajribaga ega bo'lib, ularga qaysidir ma'noda ustoz vazifasini ham o'tab bergan. Katalon klubidagi futbolchilik faoliyatini 1992-yilda yakunlagach, Italiya chempionati sari yo'l olgan va shundan so'ng u bu yerga murabbiy sifatida qaytib kelgan. Hanuzgacha muxlislarning yodidan chiqmaydigan o'sha mashhur 2008-09-yilgi mavsumda Gvardiola nafaqat butun Yevropani, balki butun dunyoni ham o'z o'yin uslubi bilan lol qoldirib, barcha sovrinlarni qo'lga kiritgan edi. Albatta, murabbiyning o'sha jamoasida uning sobiq jamoadoshlari bo'lgan Puyol va Xavi, shuningdek, Inyesta va Messi singari futbolchilar o'zining eng yuqori darajadagi o'yinlarini namoyish etib bera olgan.


O'z-o'zidan ko'rinib turibdiki, Pep murabbiy sifatida ham ular bilan til topisha olgan va muvaffaqiyatga erishgan. Kataloniya klubidagi murabbiylik faoliyati davomida ispan mutaxassisi 3 ta La Liga, 2 ta YCHL, 2 ta Ispaniya kubogi, 3 ta Ispaniya kubogi hamda 2 ta Klublar o'rtasidagi Jahon Chempionati sovrinlariga ega chiqqan.


Murabbiy: Xavi
Sobiq jamoadosh va shogirdlari:
Ter-Shtegen, Jerar Pike, Jordi Alba, Dani Alvesh, Serxio Buskets, Serxio Roberto.

Keyingi hikoyamiz ham aynan Kataloniyaning “ko'k-anorrang” klubi haqida bo'ladi. Ushbu klub rahbariyati Gvardiola bilan bo'lgani singari uning o'yin uslubini futbolchi sifatida o'zlashtirgan Xavini jamoaga murabbiy sifatida jalb etilishi orqali muvaffaqiyatga erishishni maqsad qildi va o'tgan yili uni Qatardan o'z uyiga olib keldi. Bu yerda u bir emas, naq 6 ta sobiq jamoadoshiga ustoz bo'lishiga to'g'ri keldi, sababi, uning faoliyati yakunlanganiga hali 7 yil ham to'lmagan edi.


Ha, u futbolchilik davrida “Barsa”ning eng chiroyli o'yinini ko'rsatishiga beqiyos hissa qo'shgan va ko'plab sovrinlar qo'lga kiritgan. Biroq u hali murabbiy sifatida klubda Gvardiola singari muvaffaqiyatga erisha olgani yo'q. Bu mavsum to'liqligicha tayyorgarlik uchun sarflanganini inobatga olsak (barcha frontlardagi yurish yakunlandi, hozir ular qo'lga kiritish ehtimoli bo'lgan yagona sovrin - La Liga sovrini, biroq ular ayni damda 5-o'rinda), kelasi mavsumlarda u jamoani yuksak cho'qqilarga olib chiqishi kutilmoqda.


Sababi oddiy: oʻtgan mavsumlar davomida kataloniyaliklar yumshoq qilib aytganda, “moliyaviy qiyinchiliklarga duch keldi”. Bunday ogʻir vaziyatda Xavining holatini choʻkayotgan kemani qutqarish uchun kelgan qutqaruvchiga oʻxshatish, bizningcha, toʻgʻri boʻlsa kerak. Nima boʻlgan taqdirda ham, u hozircha jamoani oyoqqa turgʻazmoqda va buyogʻiga qanday voqealar boʻlishini kuzatishda davom etamiz.


Murabbiy: Ole-Gunnar Sulsher
Sobiq jamoadosh va shogirdi:
Krishtianu Ronaldu

Navbatdagi manzilimiz Angliya. Bu safar ingliz futbolining yetakchi jamoasi boʻlgan “Manchester Yunayted”ga toʻxtalamiz. Ha albatta, koʻpchilikning yodida boʻlsa kerak, bundan qariyb 20 yillar oldin yosh Ronaldu va tajribali Sulsher oʻz faoliyatining turli qismlarida jamoadosh sifatida birga toʻp surgan va oʻshanda ular Ser Aleks Fergyuson murabbiyligida muvaffaqiyatga erishgandi.


Oʻsha paytlarda Ronaldu yosh, unchalik katta tajribaga ega boʻlmagan boʻlsa ham, unda tugʻma isteʼdod va tirishqoqlik fazilatlari boʻlgani uchun jamoada oʻz oʻrniga ega boʻlib borgan. Shu tufayli u asosiy tarkibdan muqim joy olib, Sulsherning zaxirada qolib ketishida asosiy rol oʻynagan. Shundan soʻng, 2007-yilda Ole butsalarini mixga ilgan va murabbiylik faoliyatini boshlagan.


Oradan 14 yil oʻtib, ushbu ikki sobiq jamoadosh “Orzular teatri”da yana birlashishdi. Faqat bu safar biri murabbiy va biri futbolchi sifatida. Toʻgʻri, bu juftlik birga boʻlganiga 4 oy ham boʻlmasidanoq norvegiyalik mutaxassis isteʼfoga chiqarildi. Biroq ularning “Old Trafford”da yana birlashganining oʻziyoq ajoyib voqealigini taʼkidlashimiz lozim.


Murabbiy: Zinedin Zidan
Sobiq jamoadosh va shogirdi:
Serxio Ramos

Bu safar 2000-yillardagi Madridning “Real” klubida shakllangan “Galaktikos” davrini yodga olamiz. 2005-yilda yosh Serxio Ramos madridliklar tarkibiga qoʻshiladi va oʻsha paytda jamoada toʻp surgan Roberto Karlos, Ronaldo, Guti, Devid Bekxem, Iker Kasilyas va Zinedin Zidan kabi yulduzlar bilan birga kiyinish xonasida birga boʻladi. Oʻsha mavsum Zidanning “qaymoqranglilar” safidagi soʻnggi yili boʻladi, lekin ular bir yilgina boʻlsa ham bir jamoada toʻp surishga muvaffaq boʻlishadi.


Shundan soʻng, Ramos “Qirollik klubi”da yana 10 yil muntazam kuchli oʻyin namoyish etib keldi va klub tarixidagi eng yaxshi sardorga ham aylandi. 2016-yilda Zinedin Zidan “Real” bosh murabbiyi etib tayinlanganidan soʻng bu juftlik rosmana maʼnoda Yevropani ham, dunyoni ham larzaga keltiradi. Ha, Peresning ushbu yurishi ham omadli chiqadi: 2000-yillarning eng yaxshi futbolchisi boʻlgan Zidan zamonamizning eng yaxshi murabbiylaridan biri ham boʻlib chiqdi.


Zizu murabbiylik va Ramos sardorlik qilayotgan jamoa ketma-ket 3 yil – 2016-17-18-yillar davomida YCHL bosh sovrinini qoʻlga kiritdi va oʻziga xos rekordlar oʻrnatdi. Tarixda “Real”dan boshqa hech qaysi jamoa YCHL sovrinini ketma-ket 3 yil qoʻlga kirita olmagan. Albatta, bu tahsinga loyiq natija!


Murabbiy: Frenk Lempard
Sobiq jamoadosh va shogirdlari:
Villian & Sezar Aspilikueta

Maqolamiz boshida taʼkidlaganimizdek, futbol anʼana va qadriyatlarni qadrlovchi ajoyib sport turi. Albatta, klublar oʻz oʻyin uslubini bilgan va shu yerda futbolchi sifatida shonli tarzda toʻp surgan aʼzolarini murabbiy sifatida yana oʻz bagʻriga chorlashni yoqtiradi. Shunday klublardan yana biri Londonning “Chelsi” klubidir.


Frenk Lempard – “aristokratlar” tarixidagi eng yaxshi oʻyinchilardan biri sifatida klub muxlislari yodida oʻchmas iz qoldirgan. Bundan 10 yilcha avval, Frenk faoliyatini yakunlay deganda jamoaga Sezar Aspilikueta hamda Villian kelib qoʻshiladi. Ular birgalikda London klubi safida muvaffaqiyatli tarzda toʻp surishadi va Lempard klubni chiroyli tarzda tark etadi. Shu sababli, uning murabbiy sifatida ham yutuqlarga erishishiga ishongan.klub rahbariyati yana bir bor Frenkni jamoaga jalb etadi.


Biroq bu safar ushbu yurish unchalik omadli chiqmaydi. Lempard “Chelsi”ning boy va koʻplab transferlar qilingan mavsumida ham klub bilan muvaffaqiyatga erisha olmaydi va shu sababli isteʼfoga chiqariladi. To'g'ri, u jamoa bilan Kubok finaliga chiqqan, lekin undagi mag'lubiyat uning ketishiga yana bir turtki ham bo'lgani sir emas.


Durdona Yo'ldosheva tayyorladi