ONSIDE | Futbol yangiliklari

Yoʻqotilgan millionlar: Bir yil ichida eng koʻp qadrsizlangan 8 futbolchi haqida

14959 29.01.2022 13:14

Koʻplab yosh futbolchilar doimiy ravishda kuchayib borayotgani sabab ularning transfer qiymati ortib bormoqda.  Lekin teskari yoʻnalishda harakat qilayotgan futbolchilar ham bor.  Kimgadir jarohatlar xalaqit bermoqda, kimdir klubini muvaffaqiyatsiz oʻzgartirdi, ammo haqiqat saqlanib qoldi.  Ushbu toifadagi oʻyinchilar haqida hozir birgalikda muhokama qilamiz.  Demak, 2021-yil oxirida eng koʻp qadrsizlangan 8 futbolchi.


Saul Niges;  "Atletiko"/"Chelsi" (-35 mln yevro)

Yil davomida Saul transfer narxining roppa-rosa yarmini yoʻqotdi.  Dastlab ispaniyalik futbolchi 70 million yevroga baholangan, biroq keyinchalik "Atletiko"dan "Chelsi"ga ijaraga oʻtdi.  "Matraschilar" ustozi Diego Simeonening aytishicha, futbolchining oʻzi klubdan chetlatilganini daʼvo qilgan boʻlsa-da, ketishni xohlagan. 


Shunday qilib, 27 yoshli yarim himoyachi "Chelsi"ga oʻtdi, bu esa uning transfer narxining jiddiy pasayishiga olib keldi, hozir bu qiymat 35 million yevroni tashkil etadi.  Londonda Saul kam oʻyin oʻtkazadi, agar u maydonga tushsa, har doim ham oʻzining eng yaxshi tomonlarini koʻrsatavermaydi. “Koʻklar”ning qiyin kadrlar ahvolini hisobga olsak, yarim himoyachi mavsumning ikkinchi yarmida Angliya poytaxtida qolishi mumkin, ammo yozda “aristokratlar” uni sotib olishi dargumon.


Kleman Lengle;  "Barselona" (-36 mln yevro)

Oʻtgan yil Lengle uchun juda qiyin kechdi.  Fransuz koʻp xato qildi va koʻpincha muxlislarning tanqidiga duch keldi.  Ommaviy axborot vositalarida futbolchi jiddiy bosim ostida edi.  Ispaniya nashrlari hamon “Barselona” futbolchini sotmoqchi ekanligini yozishmoqda. Koʻrinishidan, 26 yoshli himoyachi bu mavsumda oldingi mavsumga qaraganda ancha kam oʻyin oʻtkazmoqda. 


Yil davomida Lengle 36 million yevroga arzonlashdi va hozir atigi 14 millionga baholanmoqda.  Balki fransuz haqiqatan ham jamoani oʻzgartirish imkoniyatidan foydalanishi mumki. Uning kataloniyaliklar bilan shartnomasi boʻyicha yana 4,5 yil muddati bor.  Futbolchining oʻzi esa, uning soʻzlariga qaraganda, hozirgi klubini tark etish niyatida emas.


Neymar;  "PSJ" (-38 mln yevro)

Neymarning mahorati va qobiliyatiga hech kim shubha qilmaydi, lekin u tezda transfer qiymatini yoʻqotmoqda.  Braziliyalik uchun bu hali yuqori (90 million yevro), lekin baribir bu futbolchi bir yil avval baholaganidan ancha past.  Katta ehtimol bilan, bu uning jarohati bilan bogʻliq.  2020/21-yilgi mavsumda 29 yoshli vinger Liga 1 oʻyinlarining atigi yarmida maydonga tushdi. 


Koʻrsatkich boʻyicha esa oʻtgan mavsum futbolchi uchun soʻnggi 7 yildagi eng yomoni boʻldi.  Joriy mavsumda Neymar jarohati sabab barcha musobaqalarda 9 ta oʻyinni oʻtkazib yuborgan va uning qachon safga qaytishi hozircha nomaʼlum.  Ammo braziliyalik futbolchi maydonga qaytganida jamoasiga foyda keltirishi shubhasiz.
 

Joau Felish;  "Atletiko" (-40 mln yevro)

Felish - soʻnggi yillardagi eng katta umidsizliklardan biri.  Portugaliyalik futbolchi 2,5 yil oldin "Benfika"dan 127 million yevro evaziga "Atletiko"ga oʻtgandi, ammo bu pul evaziga haligacha Madridda hech narsa koʻrsata olganicha yoʻq.  Shu kunga qadar 22 yoshli hujumchi “matraschilar” uchun deyarli yuzta oʻyin oʻtkazgan boʻlsa-da, atigi 22 ta gol urgan. Bu katta miqdorda pul toʻlangan hujumchi uchun unchalik katta koʻrsatkich emas. 


Yil davomida futbolchining narxi 40 million yevroga tushib ketgan va hozirda 60 millionga baholanmoqda.  Albatta, portugaliyalik forvardning kelajagi hali oldinda.  Lekin bu mavsumda La Liganing 12 ta oʻyinida 8 marta zaxiradan maydonga tushgani aniq uning foydasi uchun emas.  Aftidan, Simeone asta-sekin futbolchiga boʻlgan ishonchini yoʻqotmoqda, garchi u omma oldida buning aksini daʼvo qilayotgan boʻlsa ham.


Lionel Messi;  "PSJ" (-40 million yevro)

Messi oʻtgan mavsumni "Barselona"da kuchli oʻtkazdi va birgina La Ligada 30 ta gol urdi.  Ammo uning eng yaxshi natijalari koʻpdan koʻproq boʻlgan.  Liga 1da argentinalik futbolchi hozirgacha 1 ta gol va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi.  Ayni paytda Messining transfer narxi ham jiddiy pasaygan.  Endilikda 34 yoshli hujumchi 60 million yevroga baholanmoqda. 


Koʻrinishidan, manzaraning oʻzgarishi hali futbolchi foydasiga emas.  Hozirda koʻplab ekspertlar Messini tanqid qilmoqda yoki shunchaki uning oʻyinidagi pasayishni taʼkidlamoqda, vaholanki, u har qanday oʻyinda oʻzgarishlar qilishga qodir ekanini hamma biladi.  Futbolchining oʻzi allaqachon MLS haqida gapira boshlagan, garchi u Fransiyada hali koʻp ishlashi mumkin boʻlsa ham. 


Sadio Mane;  "Liverpul" (-40 mln yevro)

Ketma-ket ikki yil davomida Manening Premyer-ligada mavsum oxirida urgan gollari soni kamayib bormoqda.  Shu sababli, ehtimol, futbolchining transfer qiymati asta-sekin pasaygan boʻlsa kerak, hozirda uning narxi 80 million yevroga baholanmoqda.  Garchi 29 yoshli vinger joriy mavsumda Premyer-ligada 8 ta gol urgan boʻlsa-da, buni umuman olganda yaxshi koʻrsatkich deb hisoblash mumkin. 


Bir necha yil avval senegallik “Oltin toʻp”ga daʼvogar sifatida koʻrilayotgandi.  Mane bu darajaga qaytishi mumkin, lekin koʻp narsa uning faoliyatini qayerda va qanday sharoitda davom ettirishiga bogʻliq boʻladi.  Futbolchining "Liverpul" bilan shartnomasi 2023-yilning iyuniga qadar moʻljallangan va allaqachon tomonlar nimanidir hal qilishlari kerak boʻlgan vaqt keldi. Senegallik futbolchi hali ham "qizillar" uchun foydali boʻlishi mumkin.


Filippe Koutinyo;  "Barselona" / "Aston Villa" (-42 mln yevro)

Bundan 4 yil oldin “Liverpul”dan “Barselona”ga 135 million yevro evaziga oʻtgan futbolchi hozir bor-yoʻgʻi 18 millionga baholanishini tasavvur qilish qiyin.  Oʻsha transferdan keyin Koutinyo har yili qadrini yoʻqotdi.  Hozir braziliyalikning reytingi juda past, ammo u hali 30 ga ham kirmagan. Balki "Enfild"da birga oʻynagan sobiq jamoadoshi Stiven Jerrardning "Aston Villa" bosh murabbiyligiga kelishi 29 yoshli yarim himoyachiga oʻzini qayta kashf etishiga yordam berishi mumkin. 


Kataloniya klubida u buni hech qanday tarzda uddalay olmaydi.  Birmingemda hali bosim kamroq, shuning uchun Koutinyo oʻzini erkinroq his qila oladi.  Keyin hamma narsa unga bogʻliq boʻladi.  Jerrard sobiq jamoadoshiga oʻzini qayta tiklash uchun yaxshi imkoniyat yaratdi.


Eden Azar;  "Real Madrid" (-42 mln yevro)

Azarning ahvoli Koutinonikidek yomon.  Belgiyalik futbolchining narxi ham 40 million yevroga tushib ketdi va hozir uning narxi 18 millionga baholanmoqda.  Ammo 2019-yilning yozida "Real" uning uchun 115 million yevro toʻlagan.  Madridliklar hamon futbolchiga umid qilishmoqda, biroq OAV "qaymoqranglilar" uni sotish haqida oʻylab koʻrishga tayyorligini tobora koʻproq yozishmoqda.  Futbolchi hali ham yaxshi harakat qilmayapti. 


31 yoshli vinger joriy mavsumda La Ligada 13 ta oʻyinda maydonga tushib, atigi 1 golga assistentlik qilgan.  U ham maydonda koʻp vaqt oʻtkazmaydi.  Azarning kelajagini bashorat qilish juda qiyin.  Avvaliga OAV belgiyalikni "Chelsi"ga qaytishini yozsa, endi hatto u faoliyatining boshida oʻynagan "Lill" ham tilga olina boshlandi.  Biroq, Karlo Anchelotti futbolchini qoʻllab-quvvatlashini bildirmoqda, demak Azar uchun hali hamma narsa boy berilgani yoʻq.


SHAXBOZ Qaxxorov tayyorladi