ONSIDE | Futbol yangiliklari

Milliardlab insonlar orziqib kutuvchi “Mundial”: barchasi qanday boshlangan edi? (2-maqola)

3444 08.04.2022 20:12

Futbol bo'yicha har to'rt yilda bir o'tkazilib kelinadigan dunyoning eng yirik musobaqasi - Jahon chempionati joriy 2022-yilda o'tkazilishi hammaga ma'lum va bu barchaning qiziqishi ostida bo'lishi aniq. Bu musobaqa uzoq yillik tarixga ega va bu tarix har bir o'quvchi uchun qiziqarli bo'lishi ajablanarli emas. Shu sababli, ONSIDE.UZ e'tiboringizga ushbu musobaqaning tarixi haqida so'zlovchi davomli maqolalarni taqdim etadi. Har bir maqola orqali siz JChning har bir soni haqida qiziqarli ma'lumotlarga ega bo'lib borasiz.

Biz o’tgan galgi sonda 1930-yilda o'tkazilgan tarixdagi ilk jahon chempionati haqida gaplashgan edik. Keling, bugun sizlar bilan 1934-yilda o’tkazilgan 2-JCHni yodga olamiz.

 

Jahon Chempionati-1934. Turnir startigacha bo'lgan yo'l

FIFA ijroiya qoʻmitasi uzoq davom etgan qaror qabul qilish jarayonidan soʻng, 1932-yil 9-oktabrda Stokgolmda boʻlib oʻtgan yigʻilishda Italiyani navbatdagi JCH uchun mezbon davlat sifatida tanladi. Ahamiyatli jihati, o'sha qaror ijroiya qoʻmita tomonidan aʼzolarning ovozisiz qabul qilindi. Vaholanki, variantlar orasida Shvetsiya varianti ham bor edi.

Shunday qilib, 1934-yil 27-maydan 10-iyungacha Italiyada futbol bo'yicha ikkinchi Jahon Chempionati o’tkazilishi belgilandi.

36 ta jamoani o'z ichiga olgan saralash bosqichidan so'ng, jami 16 ta jamoa musobaqaning yakuniy bosqichiga yo'l olishi oydinlashdi. Bu yili bo'lgan JCh ko'plab qiziq faktorlari bilan ajralib turishi ham bor gap. Ba'zi davlatlar JChga boykot e'lon qilishi, ba'zilari esa qatnashishni istamasligi singari jihatlar turnirning saviyasiga biroz bo'lsada putur yetkazgan edi. Qiziq tomoni, unda amaldagi chempion Urugvay musobaqada qatnashishdan bosh tortdi. Chunki Yevropa davlatlari, jumladan, Italiya ham 1-JChda Janubiy Amerikaga borishni rad etgan edi. Shuningdek, Argentina ham bu borada ikkilanib qolgan va oxir-oqibat, yakunda ular havaskorlar jamoasi bilan ishtirok etishni maqul ko’rishgan edi.

Biroq uzoq yo'l Apennin yarimoroliga yetib kelgan Janubiy Amerika vakillari tez orada uyga qaytishlariga to'g'ri keldi. Chunki Argentina va Braziliya birinchi turda Shvetsiya va Ispaniyaga mag'lub bo'lishgan edi. Musobaqada bundan tashqari Buyuk Britaniya ham FIFAga a'zo bo'lmaslikka qaror qilgani uchun qatnashmagan edi.

 

Ishtirokchi jamoalar

1. Argentina
2. Avstriya
3. Belgiya
4. Braziliya
5. Chexoslovakiya
6. Misr
7. Fransiya
8. Germaniya
9. Vengriya
10. Italiya
11. Niderlandiya
12. Ruminiya
13. Ispaniya
14. Shvetsiya
15. Shveytsariya
16. Amerika Qo'shma Shtatlari

 

Italiyadagi chempionat

1934-yilgi yirik musobaqa Italiyaning 8 ta shahridagi 8 ta stadionda o'tkazildi. Final o'yini Rimda – 47 300 tomoshabinga mo'ljallangan “Stadio Nazionale PNF” stadionida bo'lib o'tadi. O'z nomi fashizm bilan bog'liq bo'lgan stadion nomidagi PNF abbreviaturasi “Partito Nazionale Fascista”ning qisqartmasi edi.

Musobaqa shiddatli qarama-qarshiliklarga boy bo'lib, uning final bosqichiga Yevropaning ikki vakili: Italiya va Chexoslovakiya terma jamoalari yetib boradi. Ushbu o'yinning birinchi bo'limi nursiz durang bilan yakunlangan bo'lsa, ikkinchi bo‘limda Chexoslovakiya hisobni ochishga muvaffaq bo'ladi. Biroq ko'p o'tmay Italiya hisobni tenglashtirib, o'yin ssenariysini butkul o'zgartirib yuboradi. 

Qo'shimcha bo'limlar boshlanishiga 5 daqiqa qolganida mezbonlar a'zosi Anjelo Schiavio darvozani ishg'ol qilib, Itaaliyaning ilk chempionligini qo'lga kiritishiga sababchi bo'ladi. Shu tariqa, chempion Italiya tarixda Yevropa vakillari orasida JChda g'olib bo'lgan ilk terma jamoaga aylanadi.

Uchinchi o'rin uchun bahsda Germaniya Avstriyani 3:2 hisobida mag'lub etib, bronza medallarni qo'lga kiritadi.

1934 yilgi Jahon kubogi ochiq siyosiy manfaatlar uchun foydalanilgan sport tadbirining yuqori darajadagi namunasi bo'lib tarixga kiradi. Xususan, italiyalik siyosatchi Benito Mussolini ushbu Jahon chempionatidan fashizmni targ'ib qilish vositasi sifatida foydalanishni xohlagan edi. Garchi baʼzi tarixchilar va sport jurnalistlari Mussolinini korrupsiya va musobaqaga Italiya foydasiga taʼsir oʻtkazish uchun aralashganlikda ayblashgan boʻlsa-da, Italiya har doim musobaqada gʻalaba qozonishga haqli ekanligini isbotlab kelganligi bois bu taxminlarning noto'g'riligini ko'rsatib keladi. So'zimizning isboti o'laroq, mamlakat tarixidagi eng yaxshi jamoalardan biri hisoblangan muvaffaqiyatli milliy terma jamoa 1936-yilda Germaniya mezbonlik qilgan futbol olimpiya turnirida va 1938-yilgi jahon chempionatida ham g'alaba qozonadi.

 

Shu tariqa, JCh-1934 o'z nihoyasiga yetadi. Keyingi maqolalarimizda Mundial tarixi bilan tanishishda davom eting. Davomi bor...

 

Durdona Yo'ldosheva tayyorladi