ONSIDE | Futbol yangiliklari

Yorug'likka chiqqan Benzema!

5317 05.05.2022 17:47

“Comeback”, "remontada”, "xarakter”. Ushbu tushunchalar joriy mavsum Madridning “Real” klubiga uyg’un so’zlarga aylanib ketdi. "Qirollik” klubi La Ligada ham,YECHLda ham daxshatli qaytishlarni amalga oshira oldi. Madrid klubining so’ngi yillardagi muvafaqqiyatlarida goleador Karim Benzemaning hissasi beqiyos. Fransiyalik ushbu mavsumda qator rekordlarni “urib tashladi”. Butun dunyo futbol jamoatchiligi nazdida u allaqachon yakunlanayotgan mavsumning “Oltin to’p”ini qo’lga kiritdi. Ronaldu ketgach, Karim “soya”dan chiqdi. Ha u haqiqatdan ham Krishtianuning “soyasi”da yurgan ekan. Yorug’likdagi Benzema shu darajda tovlandiki,dunyo futboli va futbol dunyosining ko’zi qamashdi.

 

 

Ronaldu haqidagi banner va perfomanslar Bernabeuni tark etgach,”Real” ishqibozlari asosan Serxio Ramosga ishonch bog’lashgandi. Benzema qarasa RamosTime stabillashgan tizim emas. Bir yil o’tgach “El Capitano” poytaxtni tark etdi,bor ma’suliyatni esa Karim Mustafo Benzema yelkasiga oldi. Benzema haqidagi bir necha fakt va statistikalarni aytib o’tsak. Karim joriy mavsum YECHL pley-offlarida kiritgan gollari sonini 10 taga yetkazib, “Real”ning 1-raqamli to’purari Krishtianu Ronalduning 2016/17 yilgi mavsumda o’rnatgan rekordini takrorladi. Benzema ushbu mavsumda Yevropaning eng nufuzli musobaqasida Angliya jamoalariga qarshi 7 ta gol urdi. YECHLda qator yulduzlarni o’zida yig’gan “PSJ”ga qarshi o’yinda xet-trik, amaldagi chempion “Chelsi”ga qarshi to’qnashuvda ikki o’yinda 4 ta gol, musobaqa g’olibligi uchun asosiy da’vogar deb qaralgan “shaharliklar” bilan ikki o’yinda 3 ta gol va 1 ta assistni amalga oshirdi. Shunchaki,super! Hozircha u 2021/2022 yilda “qirollik klubi” safida 43 ta gol urib, 15 ta assistni o’z nomiga yozdirib qo’ydi.

 

 

Oldinda Benz va uning “Real”ini “Liverpul”ga qarshi “shalpangquloq kubok” uchun daxshatli kurash kutib turibdi. Ortiqcha prevyu yoki anonslarga muxtoj bo’lmagan bahsda Yevropa grandlarining soatlab qilgan mehnatlarini sekundlarda sochib tashlayotgan “Real”, “blankos”dan alamzada bo’lib turgan qo’ng’iroqsoch Saloh boshchiligidagi “mersisaydliklar” bilan to’qnash keladi. Buyog’iga “Real” klubiga faqatgina Chempionlar ligasi qirollari emas,”comeback” qirollari degan ta’rifni beraversak ham bo’ladi. Benzema haqida yana bir-ikki o’giz. “Real” chorak finalda “Chelsi”ni dog’da qoldirib ketganida,taniqli sharhlovchi Xayrulla Hamidov “Real” va Benz haqida shunday degandi: 

 

-“Baribir Benzema Chelsini chiqarib yubordi, baribir. Oltin to‘p shunaqa yigitlarga beriladi. Qutqarishi kerak o‘yinda gol urmaydigan hujumchilarga emas”

 

Ustoz jurnalistning fikriga qo’shilmay ilojimiz yo’q. FIFA va France football ham ushbu fikrga qo’shilmasa futbol tepasida,futbolni umuman tushunmaydiganlar o’tiribdi degan xulosaga kelsak adashmagan bo’lamiz. Xullas shunaqa gaplar… Finalni intiqlik bilan kutamiz va mavsumning eng kuchli jamoasini aniqlab olamiz.  Ko’ramiz Karim va “Real”ning daxshatli yurishi chiroyli yakun toparmikan?

 

Shaxzod Shukurov tayyorladi