ONSIDE | Futbol yangiliklari

Yaxshiboyevsiz qolayotgan O'zbekiston!

14364 10.05.2022 15:22

Jasurbek Yaxshiboyev! So’nggi yillarda o’zbek futbolini tom ma’noda bolqon mamlakatlari,balki butun Yevropada ham taniqli qila olgan futbolimizda yirik nomga aylanishga urinayotgan iste’dodli,ijodkor hujumkor yarim himoyachilarimizdan biri. Savol tug’iladi hujumkor yarim himoyachi o’zi qanday bo’lishi kerak? Hujumkor yarim himoyachi boshqa pozitsiyalarga qaraganda rangdorroq o’yin ko’rsatishi,kreativ qarorlar qabul qila olishi,texnik jihatdan yetuk bo’lishi talab etiladi. Shukurki, Jasurda bu hislatlarning barchasi mavjud. 2018-yilda Xitoy mezbonlik qilgan 23 yoshgacha bo’lgan futbolchilar o’rtasidagi Osiyo chempionatida tom ma’noda biz Yaxshiboyevni kashf qila olgandik. O’sha musobaqadagi Jasurning harakatlarini yaxshi eslaysiz-a? Butun boshli turnir davomida Yaxshiboyevning o’yini futbol muxlislariga estetik zavq ulashib keldi. To’p bilan mohirona ishlash,ayyorona fintlar va albatta nuqtani qo’yishda ham Yaxshiboyev chakki harakat qilmagandi. 23 yoshgacha bo’lgan terma jamoamizda Jasur umumiy 28 ta o’yinda 10 ta gol urishga muvaffaq bo’ldi.

 

Endi uning klubdagi faoliyatiga ham to’xtalsak. 2020-yilda ijara asosida Belorusning “Energetik-BGU” jamoasiga yo’l olgan futbolchimiz ilk mavsumidayoq mazkur klub muxlislarining yoqimtoyiga aylana oldi. 14 uchrashuvda 9 ta gol! O’z-o’zidan Jasurning “sovchilari” ko’payib qoldi. 2020-yilning o’zidayoq Yaxshiboyev mazkur mamlakatning nomdorroq klubiga yo’l oldi. Soligorskning “Shaxtyor”i uning yangi klubiga aylandi. Mazkur klub safida hamyurtimiz 13 ta o’yinda 7 ta gol urishga muvaffaq bo’ldi. Keyinroq Yaxshiboyev Polshada tushunarsiz mavsumni o’tkazdi,joriy mavsumda esa yurtdoshimiz Moldovaning “Sherif” klubida to’p tepmoqda. Mavsum boshida “Sherif” Yevropaning eng nufuzli klublar musobaqasi Chempionlar ligasiga yo’l olgandi. “Sherif” joy olgan guruhda YECHLning mutlaq qirollari “Real” ham bor edi.  2021-yilning 29-sentyabr sanasi nafaqat Jasurning hayotida,balki o’zbek futboli tarixida muhim kun bo’lib tarixga muhrlandi. O’zbek o’g’loni Jasur Yaxshiboyev YECHL 2-turi doirasida “Sherif”ning "Santiago Bernabeo"ga safarida “Real”ga qarshi o’yinni asosiy tarkibda boshlab,bahsning 25-daqiqasida Tibo Kurtua darvozasiga gol urdi. “Oltin to’p” uchun asosiy da’vogar sifatida qaralayotgan Karim Benzema va uning jamoadoshlari “Sherif” darvozasiga hujumlar yomg’irini qilishsada yakunda alamli mag’lubiyatni qabul qilib olishgandi. Moldavyan klubining g’alabasida hamyurtimizning hissasi beqiyos bo’ldi. “Sherif”ning YECHLdagi ertagi uzoq davom etmasligi kundek ravshan edi,chunki guruhda “qaymoqranglilar”dan tashqari amaldagi Italiya chempionlari “Inter” va Ukraina grandi “Shaxtyor” klublari ham bor edi. Ana shunday murakkab guruhda “Sherif” 3-o’rinni egallashni uddaladi,lekin jamoaning Yevropa ligasidagi yurishi ham uzoq davom etmadi. 

 

Mayli,Jasur to’p surayotgan va kelgusida to’p suradigan klublarning natijalari o’z yo’liga. Biz uchun muhimi futbolchimizning texnik va taktik jihatdan o’sishi va ideal futbolchi bo’lishga intilishidir. Pandemiya davrida o’zbek futboli muxlislarini katta futbol lazzatidan bahramand qilib turgan Jasur Yaxshiboyev nega terma jamoamizga chaqirilmaydi. Abramov davridaku Karlenovichning “sevimli”lari termamizni bosib ketgandi. Yangi murabbiyimiz esa hali katta sinovlar oldidan chiqmadi. O’ylaymizki,tez orada janob Katanes ko’zlarini kattaroq ochadi va termamiz yig’inlariga Yaxshiboyevni chaqirib,undan unumli foydalana oladi. Balki,kelgusida sloveniyalik mutaxassis Jasurni o’z "sirli tayoqcha"si qilib olar. Oddiy bir jurnalist yoki muxlis sifatida professional murabbiyga aql o’rgatish bizga emas aslida. Lekin,Yaxshiboyevdek futbolchilarimizning ko’z o’ngimizda umri o’tib borayotganiga rosti achinyapmiz. Xulosani doimgidek o’zingizga qoldiramiz...

 

Shaxzod Shukurov tayyorladi