
Coca-Cola Superligasida 7-tur uchrashuvlari yakunlandi. An'anamizga sodiq qolgan holda o’tgan turning barcha natijalari bilan sizlarni tanishtirib o’tamiz.
“Qizilqum” 1:1 “Metallurg”
Ushbu turda musobaqa turnir jadvalida peshqadamlik qilib kelayotgan “Qizilqum” “Metallurg”ga qarshi bahsning so‘nggi soniyalarida gol urib, mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. 1:1 hisobida durang qayd etilgan uchrashuvda ilk gol 26-daqiqada Xudoyshukur Sattorov nomiga qayd etildi. Mehmonlar goliga 90+8-daqiqada Jasur Azimov mualliflik qildi. Shu tariqa, "Metallurg" ochkolari sonini 6 taga yetkazib, 10-o‘ringa chiqib oldi. "Qizilqum" hisobida 14 ochko mavjud bo‘lib, jamoa 1-pog‘onani saqlab turibdi.
"Neftchi" 0:1 "Lokomotiv"
Superliga 7-turidan oʼrin olgan "Neftchi" – "Lokomotiv" bellashuvida mehmonlar kichik 1:0 hisobida zafar quchdi. Uchrashuvdagi yagona gol 58-daqiqada legioner Jerome Etame nomiga yozib qoʼyildi. Mezbonlar bu oʼyinni golsiz yakunlaydigan boʼldi.
Shu tariqa, "temiryoʼlchilar" ochkolari sonini 9 taga yetkazib oldi. Klub ayni paytda jadvalning 6-pogʼonasidan oʼrin olgan. "Neftchi" hisobida 4 ochko mavjud boʼlib, jamoa 13-oʼrinni band etib turibdi.
"Olimpik" 1:1 "Dinamo"
"Paxtakor" stadionida o'tkazilgan "Olimpik" - "Dinamo" uchrashuvida jamoalar 1:1 hisobidagi durangga imzo chekdi. Dastlab, 3-daqiqada Shohmalik Komilov hisobni ochdi. Biroz o‘tib, Otabek Jo‘raqo‘ziyev muvozanatni tikladi. Shu tariqa, "Dinamo" ochkolari sonini 6 taga, "Olimpik" esa 7 taga yetkazib oldi. Qayd etish lozimki, bellashuvning 82-daqiqasida Jo‘rabek Mannonov qizil kartochka olib, maydonni tark etdi. O'yin yakuniga qadar mehmonlar bir kishi kam bo'lib o'ynadi.
"Surxon" 1:0 "Qo‘qon-1912"
"Surxon" – "Qo‘qon-1912" bahsida mezbonlar 1:0 hisobida raqibdan ustun keldi. Iqbol Malikjonovning 52-daqiqada urgan goli o‘yin taqdirini hal qildi. Bu orqali "tulporlar" bu mavsum Superligadagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi va ochkolari sonini 5 taga yetkazib oldi. "Qo‘qon-1912" hisobidagi 6 ochko o‘zgarishsiz qoldi.
"Navbahor" 2:1 "Bunyodkor"
"Navbahor" – "Bunyodkor" uchrashuvida mezbonlar 2:1 hisobida raqibdan ustun keldi. Dastlab, Azim Ahmedov 41-daqiqada penaltidan gol urib, hisobni ochdi. 64-daqiqada Ibrohim Tomiva muvozanatni tikladi. 83-daqiqada Jokich mezbonlarni hisobda oldinga olib chiqdi va o'yin taqdirini hal qilgan golga mualliflik qildi. Shu tariqa, "lochinlar" ochkolari sonini 13 taga yetkazib oldi. Poytaxt klubi hisobidagi 10 ochko o‘zgarmay qoldi.
AGMK 3:2 "So‘g‘diyona"
Superliga 7-turidan o‘rin olgan AGMK – "So‘g‘diyona" o‘yinida mezbonlar 3:2 hisobida zafar quchdi. Turning eng shov-shuvli o'tgan ushbu o'yinida olmaliqliklarning gollariga Boake, No‘monov (avtogol) va Gadoyev mualliflik qildi. Mehmonlar safida Jo‘rabekov hamda Abdumannopov o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Mazkur natijadan so‘ng AGMK ochkolari sonini 10 taga yetkazib, 5-o‘ringa ko‘tarilib oldi. "So‘g‘diyona" hisobida 14 ochko mavjud bo‘lib, jamoa jadvalda 2-o‘rindan joy olgan.
"Nasaf" 0:0 "Paxtakor"
Turning markaziy "Nasaf" – "Paxtakor" uchrashuvida jamoalar 0:0 hisobidagi nursiz durangga imzo chekdi. Mazkur natijadan so‘ng "Paxtakor"ning ochkolari soni 12 taga yetdi. "Sherlar" ayni payt turnir jadvalida 4-o‘rinni egallab turibdi. "Nasaf" hisobidagi ochkolari soni esa 9 ta bo'lib, "ajdarlar" hozircha jadvalning 7-pog‘onasidan joy egallagan.
Durdona Yo'ldosheva tayyorladi