ONSIDE | Futbol yangiliklari

Qatar mundiali. Grand termalarda qanday muammolar bor? Mundial finalida afsonaviy to'qnashuvni ko'rishimiz mumkin!

6322 08.06.2022 12:35

Iyun oyida terma jamoalar bo'lajak jahon chempionati uchun muhim tayyorgarlik vazifasini o'taydigan o'rtoqlik uchrashuvlarini o'tkazishadi. So'nggi o'yinlarda Argentina terma jamoasi bo'lajak mundialning asosiy favoritlardan biri ekanligini isbotlamoqda.

Lekin, Messining Estoniyaga qarshi o'yindagi penta-trikiga sarmast bo'lish noto'g'ri. Ushbu o'yin argentinaliklarning o'yinini kattaroq hajmda tahlil qilishga zarur darajada yordam bera olmaydi. 

Noyabr oyida Qatarda jahon chempionati boshlanadi. Terma  jamoalarda tayyorgarlik ko'rish uchun juda oz vaqt qoldi. Keyingi jahon chempionati qaysidir ma'noda o'zgacha bo'ladi. Odatda, katta turnir boshlanishidan oldin barcha jamoalar bir oyga yaqin tayyorgarlik ko'rishlari kerak. Natijada, katta turnirlar ko'pincha o'yinchilarning tezkor jismoniy tayyorgarligi va jamoaviy ishlashi uchun musobaqaga aylanadi. Bu yil jahon chempionati arafasida tig‘iz taqvim tufayli uzoq tayyorgarlik davri bo‘lmaydi. Terma jamoalarda endi iyun bor, ular sentabrda yig'ilish imkoniyatiga ega bo'lishadi. Keyin juda qisqa pauza - va Jahon chempionatining boshlanishi. Shu boisdan ham iyun oyidagi xalqaro tanaffus juda muhim.

Biz jahon chempionatida g‘oliblikka asosiy da’vogarlarning barchasini o'yinlarini ko‘rishga muvaffaq bo‘ldik. Braziliya ham mundialga imkon qadar jiddiy tayyorgarlik ko'rmoqda. Braziliyaliklar ko'p jihatdan o'z yetakchi futbolchilarining ishlash mahoratiga tayanadilar,ammo bu jahon chempionatida g'alaba qozonish uchun yetarli emas.

Yevropa jamoalari bilan nima sodir bo'layotgani hali ham noma'lum. Jahon reytingida ikkinchi o‘rinni egallagan Belgiya pastga siljishda davom etmoqda. Muvaffaqiyatsiz Yevro-2020dan beri Martines shogirdlari o'yinni tashkil qilish borasida kuchsizlanishdi. Qolaversa, faxriylardan tashkil topgan himoya jamoaning kuchsiz tomonidek ko'rinmoqda. Fransiya yirik nomlarning ko‘pligi murabbiyning asosiy muammosiga aylangan – Desham hammani qo‘llashga harakat qilmoqda, natijada o'yindagi jamoaviylikni yo'qotib qo'ymoqda. Inglizlarda ham muammolar yetarlicha - Grilish, Reshford, Sterling, Sancho, Maunt turli sabablarga ko'ra yaxshi formada emas. Ispaniyaning yosh futbolchilaridan ko'p narsa kutish mumkin, lekin ular himoyada juda ko'p muvaffaqiyatsizlikka uchrab, tez-tez qoqilishmoqda. Nemislar ham har qachongidan kuchli emaslar.

Yevropadan Niderlandiya va Daniya ko'pchilikda yaxshi taassurot qoldirmoqda, lekin ularni jahon chempionati g‘olibi sifatida tasavvur qilish qiyin. Balki, jahon chempionati boshlanishiga olti oy qolganda faqat Portugaliya ko'pchilik uchun kuchliroq ko'rinsa kerak. Biroq, ularda ham muammolar bor: so'nggi o'yinlarda murabbiyning taktikasi yulduzli tarkibga unchalik mos kelmayapti.

Bu fonda Argentina haqiqatan ham ajralib turibdi. Lionel Skaloni jamoaning o'sishiga imkon beradigan narsani topdi. Agar biz o'tgan yili Amerika kubogini qo'lga kiritgan "albiseleste" va hozirgisini solishtiradigan bo'lsak, mazkur termada katta o'sishni ko'rishimiz mumkin. Argentina ancha dadil va faolroq o'ynamoqda. Janubiy amerikaliklar bosimga ega bo'lib, bu muhim qurolga aylanmoqda. Boz ustiga, Skaloni hatto Messiga ham maxsus yondashuv o'ylab topdi. Terma jamoada Di Mariya qayta uyg'onish davrini boshdan kechirmoqda, u maydonga tushadi, gol uradi va pas beradi.

Messi alohida mavzu. U shu vaqtga qadar terma jamoada so'nggi ikki yildagidek yorqin o'yin ko'rsatmagandi. Messi o'zini butunlay terma jamoaga bag'ishlagan yetakchiga aylana oldi. 

 

Albatta, jahon chempionati boshlanishiga hali olti oy bor. Vaholanki, hozir argentinaliklar kuchli ko'rinmoqda. Terma jamoada sovrinlar yutishni boshlagan Messining ishtahasi o'yindan-o'yinga ochilib bormoqda. Uning asosiy maqsadi esa bu mundial g'olibligi. Eng qizig'i, JCh-2022 turnir jadvali shunday tuzilganki, agar Argentina va Portugaliya o'z guruhlarida g'alaba qozonsa, yakunda finalda to'qnash kelishlari mumkin. Messi va Ronaldu o'rtasidagi jahon toji uchun hal qiluvchi o'yindan ham ajoyibroq narsani tasavvur qilish qiyin.

 

Shaxzod Shukurov tayyorladi