ONSIDE | Futbol yangiliklari

O'zbekistonda bolalar futboli: "yoshdan urish", sanoqli akademiyalar va korrupsiya. Muammoning yechimi qayerda?

1557 15.07.2022 21:06

Futbol juda keng ommalashgan birinchi raqamli sport turidir. Xoh u yosh bo‘lsin, xoh yoshi katta — hamma birdek sevib tomosha qiladi, to‘p tepadi.


Bugungi kunda mamlakatimizda sportni, xususan, futbolni rivojlantirish bo‘yicha katta ishlar qilinmoqda. Terma jamoalar, klublar uchun yaxshi sharoitlar yaratib berilib, shunga yarasha natija ham talab qilinyapti. So’nggi paytlar futbolchilarimiz ko’rsatayotgan o’yinlar futbolimizda o’sish bo’lganidan darak bermoqda. Xususan, O’zbekiston U-23 Olimpiya terma jamoasining Osiyo kubogida ko’rsatgan o’yini tahsinga sazovor. Garchi chempionlik nasib qilmagan bo’lsada, finalga qadar bosib o’tilgan yo’l juda mashaqqatli va shu bilan birga ajoyib emotsiyalar taqdim etdi. Yigitlar yaxshi o’yin namoyish etishdi. Stadionga kelishni unutayozgan futbol ishqibozlarini stadionga qaytarishga erishishdi. Bu mavsum O’zbekiston superligasi anchayin kuchayganini ko’rishimiz mukin. Superligadagi har bir o’yin uchun jiddiy bahs kechmoqda va bor imkoniyatlarini namoyon etishmoqda.  



Lekin bu natijalar bilan sarmast bo’lib qolmasligimiz kerak. Futbolimiz ildiziga bolta bo’layotgan muammolar ham yetarli. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: natijaga erishish yo‘lida nimalarda xato qilyapmiz, biz tan olishni istamayotgan qanday kamchiliklarimiz bor?

Nihol ko‘karib daraxt bo‘lishi va meva berishi uchun uning ildizi mustahkam bo‘lishi, yerga mehr bilan o‘tqazilishi kerak. Demak, biz futboldan biror natijaga erishishni istasak, bolalar futboliga e’tibor qaratishimiz zarur. Hech kimga sir emas, bolalar futbolida bizni bir nechta muammolar qiynab keladi. Xususan, seleksiya ishlarida ancha no‘noqliklar mavjud.

Avvalo, biz futbol infratuzilmasini yaxshilashimiz lozim. Futbolchi yoshlar uchun tabiiy maydonlar yaratib berishimiz muhim. Sababi, sun’iy qoplamali maydonlarda mashg‘ulot olib borish futbolchining o‘yiniga ham, kelajagiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Albatta, bu barcha joylarda ham sun’iy maydonlarda mashg’ulot olib boradi degani emas.

Biz bolalar futbolini o‘rganishimiz davomida mutaxassis fikrini ham bilishni muhim deb bildik va bir necha yil Yaypanning “Turon” jamoasida faoliyat olib borgan murabbiy Islom Ismoilov bilan suhbatlashdik. Murabbiy chempionatimizda faoliyat olib boradigan jamoalar o‘z akademiyalarini rivojlantirishi kerakligi, futbol mahorat maktablarining sharoitlari talabga javob beradigan darajada yaxshilanishi, bolalar futboliga ham xorijlik murabbiylarni jalb etish muhimligini ta’kidladi.

Murabbiyning fikrida jon bor. Yurtimizdagi futbol akademiyalari soni barmoq bilan sanarli, borlarida ham qoniqarli muhit yaratilmagan. Hozir eng ko‘zga ko‘ringan akademiyalar “Nasaf” hamda “Bunyodkor” klublariga tegishli ekanligini qayd etish joiz. “Lokomotiv” va “Paxtakor” akademiyalari ham “Nasaf” hamda “Bunyodkor” qatoriga qo’shilish uchun harakat qilishmoqda.

Bizda faqat asosiy futbol jamoalar uchun xorijdan murabbiy chaqiriladi. Mahoratli murabbiylarni akademiyalarga, futbol mahorat maktablariga jalb qilish ham o‘z samarasini bermay qolmaydi. Jurnalist Nodirxo‘ja Yo‘ldoshev ta’biri bilan aytganda: “Bolalar futbolisiz hammasi “KOPEYKA”.

Mavjud ahvolni o‘rganish davomida murabbiy Islom Ismoilovga “Bolalar futbolidagi eng asosiy xatolarimiz nimada?” degan savol bilan yuzlandik va quyidagicha javob oldik:

— Bolalar futbolidagi eng asosiy xatoyimiz bu — “totalizator”, ya’ni yosh kichraytirish. Tasavvur qiling, 2006-yilda tug‘ilgan bola yoshini kichraytirib, 2008-yil qilib olsa, o‘z-o‘zidan shu yilda tug‘ilgan bolalar ichida so‘zsiz kuchli bo‘ladi-da. Haqiqatdan 2008-yil tug‘ilgan, o‘z tengqurlari ichida yuqori mahoratga ega, kuchli futbolchi yoshini kichraytirgan bolaning oldida “yo‘qolib” qoladi. Vaqti kelib terma jamoaga futbolchi chaqirilayotgan paytda e’tibor yoshi kichraytirilgan futbolchiga qaratilib qoladi va o‘z yoshidagi kuchli futbolchi chetda qolib ketishi mumkin. Qolaversa, murabbiylar bolalikda o‘rgatiladigan “futbol alifbosi”ni o‘z vaqtida o‘qitmaydi. Buning o‘rniga turli xil keraksiz musobaqalarga olib yurishi eng katta xatolardan deb bilaman.

  Darhaqiqat, bugungi kunda futbolimizda “totalizator” urchib ketgan. Buning natijasida haqiqiy mahorat egasi e’tibordan chetda qolmoqda. Bu esa yosh futbolchining kelajagiga salbiy ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. Uning ishtiyoqi so‘nadi, ruhiyati sinadi.

Yosh iqtidorlarni mahorat maktablariga, akademiyalarga saralab olishda ham beixtiyor nohaqliklarga duch kelamiz. Seleksionerlar va seleksiya ishlari bilan bog‘liq turli xil gap-so‘zlar uchrab turadi. Bu borada ham mutaxassisning fikriga qiziqdik.

— Ancha vaqt bo‘ldi bolalar futbolida ishlamaganimga, — deydi murabbiy Islom Ismoilov. — Hech kimni bunday qilmish ustida ushlab olmay turib kimgadir ayb qo‘yish to‘g‘ri emas. Lekin seleksiya ishlarida “futbol mahorat maktablariga kirish pullik” degan gaplar quloqqa chalinib qolyapti. Bizning o‘zimizga ham ko‘p chiqishadi, pul taklif qilishadi. Demak, bu narsa borki, odamlar shu ishga qo‘l urishadi.



Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi. Iqtidorlarni saralab olish jarayonida yuqoridagi kabi noxush holatlar uchrab turadi. Yosh futbolchilarni saralab olish ishlarini faqat shahar markazlarida emas, balki chekka qishloqlarga ham borib o‘tkazish, u yerdagi yosh talantlarni kashf etish zarur. Qanchadan-qancha iqtidorlar o‘z o‘yinlarini ko‘rsata olmay, tog‘lar orasida nomi chiqmay qolib ketmoqda.

Yuqoridagi holatlarning barchasi ayrimlarning nafsi tufayli pul uchun qilinayotgan ishlar. Korrupsiya yo‘qolmas ekan, biz biror natijaga erisha olmaymiz. Maqolada futbolimiz rivojiga to‘sqinlik qilayotgan muammolardan ba’zilarini yoritishga harakat qildik. Jamoalarimiz yuqori marralarni zabt etishiga umid qilamiz. Zero, umid bilan yashashdan boshqa ilojimiz yo‘q!


Muhammadshukur MUHAMMADJONOV