ONSIDE | Futbol yangiliklari

Messi Benzemani "Oltin to'p"dan mahrum qila oladimi?

5781 06.08.2022 16:48

31-iyul  kuni "PSJ" Fransiya mavsumining ochilish o‘yinida “Nant”ni mag‘lub etdi. Lionel Messi, Neymar (dubl qayd etishdi) va Serxio Ramosning gollari parijliklarga yana bir yutuq – Fransiya Superkubogi – 2022ni olib keldi.

 

35 yoshli Messi uchun yakshanba kuni qo‘lga kiritilgan kubok bu yil uchinchisi bo‘ldi: avvalroq argentinalik futbolchi "PSJ" bilan Liga 1 oltin medalini qo‘lga kiritgan va Argentina bilan Finalissima bosh sovriniga ega chiqqandi. 

 

12-avgust kuni France Football jurnali “Oltin to‘p-2022” uchun 30 nafar da’vogar ro‘yxatini e’lon qiladi. G'olib nomini 17-oktyabr kuni bilib olamiz - jahon chempionati (noyabr-dekabr oylarida Qatarda bo'lib o'tadi) natijalari keyingi "Oltin to'p" uchun hisobga olinadi. Bu fransuzlarning yangiligi: endi futboldagi asosiy shaxsiy sovrin kalendar yili oxirida emas, mavsum oxirida beriladi.

 

Bu yilgi “Oltin to‘p”ga asosiy da’vogar “Real” va Fransiya terma jamoasi hujumchisi Karim Benzema bo‘lib turibdi. O'tgan mavsumda u "Galaktikos" bilan Ispaniya Superkubogi, Ispaniya chempionati va Chempionlar Ligasida g'alaba qozondi (uchta sovrin - Messi bilan bir xil), shu bilan birga hayratlanarli statistikani taqdim etdi. Chempionlar ligasining 12 ta o‘yinida Karim 15 ta gol urgan, shundan 10 tasi pley-offda.


Juda ko'p tanqidlarga sabab bo'ladigan ovoz berishda Messi Benzemani chetlab o'tib, yana "Oltin to'p"ni qo'lga kirita oladimi? Futbol mutasaddilarining ishonchi komilki, Leo da'vogarlar o‘ntaligidan tushib qolmagan bo‘lsa-da, uning ham, boshqa yulduz futbolchilarning ham Karimdan ustun kelish imkoniyati yo‘q.

 

Quyida "Oltin to'p"ga asosiy da'vogarlar nomlari keltirilgan:

 

1. Karim Benzema ("Real Madrid", Fransiya terma jamoasi) 

2. Sadio Mane (“Liverpul”/"Bavariya", Senegal terma jamoasi) 

3. Kevin De Bryuyne (“Manchester Siti”, Belgiya) 

4. Robert Levandovski ("Bavariya"/"Barselona", ​​Polsha terma jamoasi) 

5. Lionel Messi ("PSJ", Argentina terma jamoasi) 

6. Kilian Mbappe ("PSJ", Fransiya terma jamoasi) 

7. Muhammad Saloh (“Liverpul”, Misr terma jamoasi) 

8. Krishtianu Ronaldu (“Manchester Yunayted”, Portugaliya terma jamoasi) 

9. Harri Keyn (“Tottenhem”, Angliya) 

10. Neymar ("PSJ", Braziliya terma jamoasi) 



 

Shaxzod SHUKUROV tayyorladi