ONSIDE | Futbol yangiliklari

Shomurodov Mourinyoga "javob" qildi! Mourinyo adolat qiladimi?

13711 12.09.2022 21:44

"Roma" Joze Mourinyo boshchiligida qiyin hafta o'tkazdi. Avvaliga klub A Seriyada “Udineze”ga mag‘lub bo‘ldi – 0:4, keyin esa Bolgariyaga yo‘l oldi va Yevropa ligasida “Ludogorets”ga imkoniyatni boy berdi – 1:2. "Roma" bu mavsumda, ehtimol, A seriyadagi eng kuchli hujumga ega, ammo ikkita muvaffaqiyatsiz o'yindagi yagona gol Eldor Shomurodov tomonidan kiritildi. O'zbek futbolchisi qiyin vaziyatga tushib qoldi, lekin u ana shunday kuchli raqobatga qaramay o’zini ijobiy tomonlarini ko’rsata olmoqda.

 

"Rostov"ning sobiq to'purari Italiya futbolida o'sib borayotgan yulduz sifatida "Roma"ga o'tdi. O‘zbekistonlik Genuyada ajoyib o’yinlari bilan futbol jamoatchiligi e’tiborini tortdi, har tomonlama barqaror o’yin ko’rsatdi va yakunda Rim klubi a’zosiga aylandi.

 

Shomurodov Mourinyoning o’yin uslubida o'zini topa olmadi. Abrahamning o’tgan mavsumdagi narxi 100 million yevroga yetdi. Shomurodov angliyalik futbolchi fonida Rimda transferdagi muvaffaqiyatsizlik sifatida ko'rsatildi, garchi u zaxira o'yinchisi sifatida 28 o'yinda 7 ta samarali harakat amalga oshirgan bo’lsa ham. Ya'ni Shomurodov klubning asosiy tarkib o’yinchisi bo’lmasa-da, jamoaga qandaydir foyda keltirdi.

 

Shomurodovning Rim sarguzashtlari finali yozda bo'lishi kerak edi. Joze Mourinyo o‘zbek futbolchisining saviyasi “Jenoa” bilan RPL oralig‘ida ekanligini, hozirda Rim klubiga kuchliroq futbolchilar kerak ekanligini ochiqchasiga aytdi.

 

“Oxirgi o'yinda hujumchi o'rniga yarim himoyachini maydonga tushurishim kerak edi. Bizda zaxirada kerakli darajadagi hujumchilar yo'q. Shomurodovning yuqori darajadagi futbolchiga aylanishini kuta olmayman, “Roma”da bunday imkoniyatlar yo‘q”, — degan edi Joze.

 

Shundan so‘ng rimliklar Yevropa chempioni Andrea Belotti bilan shartnoma imzoladi va o‘zbekistonlik astoydil o‘ziga yangi klub izlay boshladi, voqealar rivoji kutilmagan tus oldi.

 

A Seriyaning bir nechta klublari birdaniga Eldor uchun taklif bilan chiqishdi.Futbolchiga “Monza”, “Bolonya” va “Torino” faol qiziqish bildirdi. Joze Shomurodovga ishonch bildirmayotganiga qaramay, klub futbolchi uchun 15 million yevro miqdorida tovon puli talab qildi va bu summa barcha da'vogarlarni shashtidan qaytardi.

 

Transfer oynasi yopilishi arafasida futbolchining agenti Qahor Mo'minov bayonot berdi. Futbolchi vakili  "Roma" rahbariyati bilan hech qanday muammo yo'qligini ta’kidladi.

 

Obyektiv qaraydigan bo'lsak, Shomurodovning "Roma"ning asosiy o'yinchisiga aylanish imkoniyati "Rostov"ning Rossiya chempionatida g'alaba qozonish imkoniyati bilan deyarli bir xil. Temmi Abraham hujumdagi asosiy futbolchi sifatida qolmoqda. Andrea Belotti rimliklar taklifini qabul qildi. Shu bilan birga, italiyalik Yevropa Ligasi o‘yinlarida asosiy o‘yinchi bo‘ladi. Paulo Dibala ham hujum chizig’ini yetarlicha kuchaytiradi.

Shomurodov esa hujum uchun uchinchi yoki to'rtinchi tanlovdir. Shu bilan birga, barcha raqobatchilarning uzoq muddatli shartnomalari bor, murabbiy o‘zbek futbolchisi o‘rniga yarim himoyachilarga ko’proq imkoniyat berish yaxshiroq variant ekanini ochiq aytmoqda.

 

Oxirgi bir hafta ichida futbol jamoatchiligining Eldor haqidagi fikrlari sezilarli darajada o‘zgardi. O‘zbekistonlik “Ludogorets” bilan o‘yinda imkoniyatga ega bo‘ldi va Belotti qaraganda ancha samarali o‘ynadi. Shomurodov boshi bilan gol urdi va faol harakat qildi. Ijtimoiy tarmoqlarda Shomurodov haqida ko’pgina ijobiy fikrlar bildirildi.

 

“Ehtimol, “Roma”dagilar unga yetarlicha o’yin amaliyoti berishmas, lekin Shumurodov “Roma”ning Kvaratsxeliyasiga aylanishi mumkin!”.

 

"Eshiting, uning to'pni boshqarishi va maydon bo'ylab harakati Abrahamdan va hatto Belottidan ham yaxshiroq."

 

“Zaniolo, Eldor va Dibala yaxshi trio”.

 

“Mourinyo Shomurodovga nisbatan yaxshi ish qilmayapti. U yana zaxira o'rindig'iga qaytadi. O'tgan yili u "Venetsiya"ga qarshi o'yinda gol urdi va pas berdi, ammo keyin zaxira o'rindig'ida qolib ketdi".

“Roma” ustozi Eldor haqida bu safar hech narsa demadi, garchi barcha tahliliy saytlar uni Bolgariyadagi o’yinning eng yaxshi klubi futbolchisi deb tan olishgan bo’lishsa-da.

 

Shomurodov Bolgariyadagi gol evaziga keyingi o'yinlarda o'z imkoniyatini qo'lga kiritishi ham mumkin. Joze Mourinyo faoliyatida qattiq tanqiddan so'ng kutilmaganda zahiradagi futbolchini asosiy o'yinchi qilib qo'ygan holatlari ko'p bo'lgan. Lekin Shomurodov bilan bunday vaziyat bo'lishi dargumon.

 

Qishgacha Shomurodov haqiqatdan ham Rim klubi loyihasining zaxiradagi bir qismi bo'lib qoladi. Qishda, ehtimol, u yana bir nechta takliflar oladi va, o'ylaymizki, u albatta A Seriyaning boshqa klubida o'zining Yevropadagi katta sayohatini munosib tarzda davom ettira oladi.





 

Shaxzod SHUKUROV