ONSIDE | Futbol yangiliklari

Diyor Imomxo'jayev: "Hech kimning shohi yo‘q"

5687 13.09.2022 10:12

O'zPFL bosh direktori Diyor Imomxo'jayev Samvel Babayan bilan bog'liq holat haqida o'z fikrlarini bildirdi.

 

"Futbol hissiyotlarga boy o‘yin. Biz o‘yin vaqtida mutaxassislar hissiyotini to‘g‘ri tushunamiz. Ular hakamni so‘kadi, futbolchilarni so‘kadi, VAR tizimini so‘kadi — barchasi tabiiy holat",- deb yozdi Imomxo'jayev o'z telegram sahifasida.

 

Mutaxassis muxlislar orasida ham albatta tarbiyasizlari, savsiyasizlari bo'lishini ta'kidlab,professional shaxs ularga e'tibor qilishi kerak emasligini ta'kidladi.

 

"Muxlislar ham shunday. Aytaylik, bir necha ming kishining og‘ziga elak tutishning iloji yo‘q. Chunki muxlislar orasida albatta tarbiyasizlari, savsiyasizlari ham bo‘ladi. Rasmiy shaxslar esa bunga eʼtibor qilmaslikka majburlar. Har akillagan itga javob qaytargan tomon g‘olib hisoblanmaydi. Butun stadion jo‘r bo‘lib so‘ksa, har bir muxlis bilan hisob-kitob qilishning imkoniyati yo‘q. Bizni ham so‘kishadi, izohlarda, stadionlarda va hokazo. Ignor qilamiz, normal yechim shu".

 

Yodingizda bo'lsa Babayan "Navbahor"ning "So'g'diyona"ga qarshi o'yinidan so'ng raqib jamoaning muxlislari bilan tortishib qolgandi. Shovqinni eshitgan jurnalistlar matbuot anjumani xonasidan tashqariga chiqishgan. Babayan holatni jurnalistlar tasvirga olayapti deb o'ylagan va o'z sherigiga OAV xodimining telefonini olib qo'yishni buyurgan.

 

"Qandaydir Angliyada biror klub rasmiylari jurnalistga hujum qilsa, uning texnik vositalarini o‘zboshimchalik bilan tortib olsa, jamoatchilik uni tinch qo‘ymaydi, masala hatto isteʼfogacha yetib boradi, holat shu klub va rasmiylarning keyingi faoliyatiga ham jiddiy taʼsir qiladi. Chunki hujumga uchragan inson o‘rnida ertaga siz bo‘lmasligingizga hech kim kafolat bermaydi".

 

Imomxo'jayev o'z postida O'zPFL musobaqalarida faoliyat yurituvchi OAV xodimlarining himoyasi musobaqani o'tkazuvchi tashkilot tomonidan ta'minlanishini ma'lum qildi.

 

"Bizda har kim axborot olish va uni tarqatish huquqiga ega. Futbolimizda u kim bo‘lishidan qatʼiy nazar Reglamentga amal qilishga majbur. Hech kimning shohi yo‘q. Nasaf murabbiyining ishi ham qo‘mitaga oshirildi, o‘z vaqtida So‘g‘diyona murabbiyining ishi ham oshirilgan. Ertaga Paxtakor murabbiyi ham shu kabi uyatli ishlar qilsa, unga nisbatan ham chora ko‘riladi. Biz musobaqalarimizda faoliyat olib borayotgan OAV vakillarini shu musobaqalar doirasida himoya qilamiz. Agar OAV biror murabbiyning shaxsiy hududiga ruxsatsiz, etika normalariga zid ravishda kirib borsa, biz albatta shu mutaxassis tomonida bo‘lamiz".

 

Eslatib o'tamiz, oldinroq yuqoridagi holatlar uchun Samvel Babayanning litsenziyasi O'zPFL tomonidan vaqtincha olib qo'yilgandi.

 

"Samvel Babayanning Namanganda faoliyat olib borishida yutuqlar bo‘lyapti. Klub chempionlik uchun daʼvogar, farm-jamoa Pro ligaga yaqin turibdi, U19 jamoa ham oltin medallar uchun asosiy kurashchi. Coca-Cola Superligada kuchli raqobat bo‘lishi uchun bizga Berdiyevlar, Qosimovlar, Babayanlar, Abramov-u Shaskixlar kerak. Biroq bunda hamma teng. Hech qaysi biri alohida vakolatlarga ega emas".

 

Imomxo'jayev holatga munosabat bildirar ekan muxlislardan ham odob-axloq normalariga to'g'ri kelmaydigan ishlardan oz bo'lsada tiyilishlarini so'radi.

 

"Va albatta muxlislar ham kengroq fikrlashlarini istardik. Maydonga tosh uloqtirayotgan ahmoqlar uchun bitta savolimiz bor: maydonda otangiz yoki farzandingiz bo‘lsa ham shu ishni qilarmidingiz? Savol hech bo‘lmasa o‘ylantirib qo‘ygan bo‘lsa, jilla qursa vijdoningiz bor. Shu ham taʼsir qilmasa, manqurtdan farqingiz yo‘q. Futbol birlamchi emas, insoniylik, insonlar xavfsizligi, ularning huquq va erkinliklari doim birlamchi. Buni hurmat qilish shart!"