ONSIDE | Futbol yangiliklari

Parij qiroli o'zidan ketib qolishda davom etmoqda!

13586 20.09.2022 20:27

"PSJ" yangi mavsumni juda muvafaqiyatli boshladi,ammo jamoadagi ichki muammolar hali ham urchib turibdi. Kilian Mbappe o'zini Parij qiroli deb tasavvur qilib, klubdagi yulduzlar - Leo Messi va Neymar bilan iliq munosabat o'rnatmagan. 23 yoshli fransuz vaqti-vaqti bilan maydonda jamoadoshlarini mensimaydi va o'zining ko'pgina xurmacha qiliqlari bilan muxlislar e'tiroziga sababchi bo'lmoqda. 


Jumladan, “Yuventus” bilan o‘yindagi tanaffusda Mbappe himoyachi Ashraf Hakimiga yomon uzatma uchun e'tiroz bildirdi. Mbappe marokashlik bilan qo‘l tashlashdi, biroq uning uzr so‘zini qabul qilmadi, Hakimiga qarata: “Kechirimning o‘zi yetarli emas”, dedi.

O'yindan keyingi matbuot anjumanida Kilian Neymar bilan mojaro borligi haqidagi ma'lumotni rad etdi: "Men u haqida oltinchi yildan beri gapiryapman, biz har doim o'zaro hurmatni saqlab qolganmiz. Lekin munosabatlarda biroz muammolar kuzatilgan paytlar ham bo'ldi. Va ba'zida biz eng yaxshi do'stmiz". 


Hozirda "PSJ" kemasining shturvalini qo'lga kiritgan 23 yoshli futbolchi Fransiya futbol federatsiyasi bilan ziddiyatga tushib qoldi. Get French Football News xabariga ko'ra, Kilian terma jamoaning 20-sentabr, seshanba kuni o'tkazilishi rejalashtirilgan fotosessiyasida ishtirok etishdan bosh tortdi. Buning sababi tasvir huquqlari bo'yicha kelishmovchilikda.


Mart oyida RMC Sport Mbappe fransiyalik futbolchilar uchun majburiy homiylik tadbirlarida qatnashmagani haqida xabar bergan edi. Shundan so'ng futbolchining oilasi, uning advokati va Federatsiya o'rtasida muzokaralar olib borilgan va natija bermagan.

 

Manbaning yozishicha, Kilian fransuz futbolchilarining imij huquqidan foydalanish qoidalarini o‘zgartirmoqchi bo‘lgan. 2010 yilda imzolangan shartnoma hozirda qo'llanilmoqda. Janubiy Afrikadagi jahon chempionatidan so‘ng Fransiya futbol federatsiyasi prezidenti Noel Le Gre futbolchilar xalqaro musobaqalardan tashqari bonuslar olmasligini va imij huquqi har bir yig‘inda 23 nafar futbolchi o‘rtasida teng taqsimlanishini istadi. Ushbu kelishuvga ko'ra, Fransiya terma jamoasi futbolchisi endi 20-25 ming yevro oladi.

 

Mbappe o'z ismining futbolchi bilan shartnomasi bo'lmagan kompaniyalarni reklama qilishda qo'llanilishini istamaydi. Hozirda fransuz jamoasining asosiy homiylari Uber Eats, KFC va Coca-Cola hisoblanadi. Ammo Kilian fransiyalik futbolchilar o‘z nomlari bog‘langan brendlarga egalik qilish huquqiga ega bo‘lishini istaydi.

 

Dushanba kuni kechqurun Fransiya futbol federatsiyasi futbolchilarning imij huquqlari bo'yicha kelishuvni qayta ko'rib chiqishini e'lon qildi.

 

"Fransiya futbol federatsiyasi rahbarlari, uning prezidenti, bosh murabbiyi va marketing menejeri o‘rtasidagi yakuniy fikr almashishdan so‘ng, FFF imkon qadar tezroq futbolchilarning imij huquqlari bo‘yicha kelishuvni qayta ko‘rib chiqish majburiyatini oladi. FFF futbolchilar tomonidan bir ovozdan bildirilgan haqli xavotir va e'tiqodlarni inobatga olgan holda, o'z manfaatlariga xizmat qilish imkonini beruvchi yangi kelishuv ustida ish boshlashni intiqlik bilan kutmoqda", - deyiladi tashkilot bayonotida.

 

Aftidan, Mbappe nihoyatda o'zidan ketib qoladigan bo'lib qoldi - u allaqachon nafaqat "PSJ" rahbarlariga, balki Fransiya futbol federatsiyasiga ham bosim o'tkazmoqda. Bu yaxshi narsaga olib kelmasligi aniq. Jahon futbolida yulduzlik kasaliga chalingan yosh futbolchilarning faoliyati oxir-oqibatda muvafaqqiyatsiz yakun topgan. O'ylaymizki,Mbappe bilan bunday holat kuzatilmaydi. Zero butun dunyo futbol jamoatchiligi unga Ronaldu va Messining munosib davomchisi sifatida qaramoqda. Kelgusida muxlislar Holand va fransuz futbolchisining super raqobati ortidan shiddatli futbol haroratidan bahramand bo'lish niyatidalar.
 

 

Shaxzod SHUKUROV tarjimasi