ONSIDE | Futbol yangiliklari

Jasur Yaxshiboyev legionerlikning ilk mavsumidayoq o'z chempionatining eng yaxshi futbolchisi bo'lishi mumkin

1569 10.11.2020 17:35

Belarus chempionatining 28-tur yakunlariga ko'ra, musobaqaning eng sermahsul futbolchilari reytingi yangilandi.


Unga ko'ra, hamyurtimiz Jasur Yaxshiboyev 5,66 ball to'plagan holda hammadan ilgarilab ketgan. Mavsum boshidan beri bu ro'yxatda o'zbekistonlik legioner peshqadamlikni hech kimga bermay kelmoqda. Mazkur reyting, futbolchilarga har bir o'yinda berilgan ballning umumiy yig'indisi asosida shakllantiriladi.


Eng yaxshi futbolchilar reytingida Jasurning eng yaqin ta’qibchisi – Igor Stasevich ("BATE") bo'lib turibdi. Belaruslik yarim himoyachi chempionatning so'nggi ikki turida eng zo'r o'yin ko'rsatgan taqdirda ham umumiy hisobda Yaxshiboyev bilan tenglashishi qiyin. Kuchli uchlikka "Torpedo-BelAZ" to'purari Gabriel Ramos yakun yasab turibdi.

Shuningdek, Jasur Yaxshiboyev to'purarlar poygasida ham g'oliblik uchun kurashmoqda. Belarus Oliy ligasida 25 ta o'yinda maydonga tushgan hamyurtimiz raqiblar darvozasini 16 marotaba ishg'ol qilgan. Bu ko'rsatkich bilan ikkinchi o'rinda bormoqda. Adolat yuzasidan ilk marotaba legioner sifatida to'p tepayotgan futbolchi uchun bu ajoyib ko'rsatkich ekanini ta'kidlab o'tish joiz.

Qolaversa, Yaxshiboev gol+pas tizimi bo'yicha 22 ochko bilan chempionatning eng sermahsul o'yinchisi bo'lib turibdi.  Jasur urgan gollaridan tashqari, jamoadoshlarining oltita goliga hammualliflik qilgan.


Ayni paytda to'purarlar reytingida "BATE" hujumchisi Maksim Skavish hamyurtimizdan oldinda. U Oliy ligada jami 27 ta o'yinda o'z hisobiga 17 ta gol yozib qo'ydi. Gol+pas tizimida ikkinchi pog'onada qayd etilgan bu hujumchi jami 18 ochkoga ega.


Demak, Jasur Yaxshiboevning xorijdagi ilk mavsumida chempionatning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etilishiga ikki qadam qoldi. Shuningdek, u katta ehtimol bilan gol+pas tizimidagi yetakchiligini ham o'zida saqlab qoladi.


Eslatib o'tamiz, Soligorskning "Shaxtyor" jamoasi chempionatning hal qiluvchi so'nggi ikki o'yinida 22-noyabr kuni safarda "Rux" va 28-noyabrda o'z maydonida "Minsk" jamoasi bilan to'qanash keladi.