ONSIDE | Futbol yangiliklari

"Globe Soccer" yilning eng yaxshilarini aniqladi: Robert - yil, Krishti esa "asr futbolchisi"!

1980 27.12.2020 21:11

Bugun Dubayda xalqaro nufuzli "Globe Soccer" 2020-yilning eng yaxshilarini taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi. O'z nominatsiyalarida g'olib bo'lganlar bilan tanishing.

 

Krishtianu Ronaldu - XXI asrning eng yaxshi futbolchsii deya e'tirof etildi.

 


Robert Levandovski - "Globe Soccer-2020"da yilning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.


Navbat yilning eng yaxshi futbolchisini aniqlashga yetib keldi...


"Real Madrid" - XXI asrning eng yaxshi futbol klubi deb topildi.


"Bavariya" - "Globe Soccer-2020"da yilning eng yaxshi futbol klubi deb topildi.


Xorxe Mendesh - XXI asrning eng yaxshi futbol agenti deb topildi.


Pep Gvardiola - XXI asrning eng yaxshi murabbiyi deb topildi.


Hans-Diter Flik ("Bavariya") - "Globe Soccer-2020" eng yaxshi murabbiy mukofoti sohibi!


Yilning eng yaxshi murabbiyi aniqlanmoqda. Nomzodlar: Jan Pero Gasperini ("Atalanta"), Hans-Diter Flik ("Bavariya") va Yurgen Klopp ("Liverpul")


Endi esa kechaning bevosita kulminatsion nuqtasi boshlanmoqda. Yilning eng yaxshilari "Globe Soccer" mukofoti bilan taqdirlanishadi.


Levandovski Yevro-2020 favoriti haqidagi savolga javob berdi: "Polshaning imkoniyatlari? Bu qiyin savol ochig'i. Men bu terma jamoada o'ynashimdan faxrlanaman. Avvalgi musobaqada penaltilar seriyasida yengilgan edik. Lekin hamma narsa bo'lishi mumkin. Guruhimizda Ispaniya, Shvetsiya kabi kuchli terma jamoalar bor".


Ronaldu Yevro-2020 favoriti haqidagi savolga javob berdi:"Nimaga Portugaliya ketma-ket chempion bo'lmasligi kerak?! Bizda fantastik murabbiy bor. Jamoa shakllangan, yoshlar shijoatga to'la. Menimcha, imkoniyatlarimiz yaxshi"


Kasilyas Yevro-2020 favoriti haqidagi savolga javob berdi: "Bu murakkab savol. Bu jamoalarning o'sha vaqtdagi holatiga bog'liq. Fransiya, Portugaliya kabi jamoalarning imkoniyatlari yaxshi. Germaniyada ham yangi avlod shakllanmoqda. Ispaniya ham favorit bo'la oladi".


Boshlovchi Levandovskiga: "Siz UEFA va FIFAning eng yaxshi futbolchilari uchligiga kiritgan ilk polshalik futbolchisiz, to'g'rimi? "Bavariya"da o'ynash va bunday e'tirofga erishish sizga va sizning mamlakatingizga nima beradi?"


Levandovski: "Bu bilan faxrlanaman. Maydonda doim eng yaxshi o'yinlarimni ko'rsatishga intilaman. Ronaldu va Messidek "katta nomlar" oldida turish menga sharaf. Umid qilamanki, bu Polsha futbolining eng yuqori cho'qqisi bo'lib qolmaydi. Mamlakatimda Levandovski ismi ommalashib bormoqda. Bu yoqimli hislar bag'ishlaydi"


Boshlovchi Ronaldudan so'ramoqda: "Dunyoda millionlab bolalar sizga o'xshashni, sizdek mashg'ulotlar o'tkazishni istaydi. Sizning kun tartibingiz, harakatlaringiz, yutuqlaringiz kichik yoshdagilarni ruhlantirmoqda. Hatto "Siii" deya gol nishonlashingiz ham butun dunyoda ommalashib ketgan. Bu sizga qo'shimcha kuch bag'ishlaydimi? Bu bilan nimalarni his qilasiz?"


Ronaldu: "Ajoyib holat. Men o'z o'g'lim orqali bularni his qila olaman. Yosh bolalar o'zlari uchun foydali ishlar bilan shug'ullanishsa bu yomon emas deb o'ylayman. Kunni rejali o'tkazish, o'z ustida mehnat qilish faqat futbolchiga emas, barcha soha egalariga kerak hislat. Va albatta, bu bolakaylarning meni kuzatishlari, meni qo'llab-quvvatlashlari menga qo'shimcha motivatsiya beradi. Ular uchun ham o'ynayman, "Siii" deya gollar nishonlayman. Hammasi muxlislar uchun!"


So'z "The Best-2020" g'olibi Robert Levandovskiga berildi. Polshalik hujumchi yil davomida ko'plab jamoaviy titullar yutgan bo'lsa ham, bugun bunday yulduzlar qatorida o'tirish faxr ekanligini aytmoqda.


Endi esa Krishtianu Ronaldu mavsum haqida so'zlamoqda.


"Muxlislarsiz o'ynash qiyin bo'ldi. O'tayotgan yil ko'pchilikning yodida qoladigan bo'ldi. Ammo bu zerikarli edi. Shunday bo'lsa-da, barcha professional ishlashga harakat qildi. Mavsum, yil og'ir o'tdi", dedi Ronaldu yakuniga yetayotgan yil haqida.


Faxriy mehmon sifatida "Real" va Ispaniya terma jamoasining afsonaviy darvozaboni Iker Kasilyas taqdirlash marosimiga taklif etilgan. Ayni paytda tadbir boshlovchisi u bilan tarix va yutuqlar haqida suhbatlashmoqda.


MAROSIM BOSHLANDI.


Ushbu taqdirlash marosimi Dubaydagi "Burj Xalifa" osmono'par binosida o'tkazilmoqda.


Marosim boshlanmoqda...


Nominatsiyalar:

"Yilning eng yaxshi murabbiyi" nomi uchun Jan Pero Gasperini ("Atalanta"), Hans-Diter Flik ("Bavariya") va Yurgen Klopp ("Liverpul") yakuniy nomzodlar sifatida ko‘rsatilgan.

"Yilning eng yaxshi klubi" sovrini uchun esa "Bavariya" (Germaniya), "Liverpul" (Angliya) va "Real" (Ispaniya) klublari da'vogarlik qilmoqda.

"Yilning eng yaxshi futbolchisi" nominatsiyasida Krishtianu Ronaldu ("Yuventus"), Lionel Messi ("Barselona"), Robert Levandovski ("Bavariya") yakuniy ro‘yxatdan joy olgan.

G'oliblar dekabr oyining so'nggi haftasida e'lon qilinadi.