ONSIDE | Futbol yangiliklari

Shomurodov vs Skamakka. Kim sermahsulroq?

3943 01.01.2021 12:24

ONSIDE.UZda yangi "Onside.uz Versus" loyihasini boshladik. Unda ikki futbolchining statistik ma'lumotlari va sermahsullik darajalari solishtiriladi. Bu orqali qay bir futbolchi mavsumni yaxshiroq o'tkazayotganini aniqlash mumkin bo'ladi.


Ilk sonda biz hamyurtimiz Eldor Shomurodovni uning jamoadoshi Janluka Skamakkaga taqqosladik. Marhamat, qiziqarli, aniq va xolis raqamlarga asoslangan ma'lumotlar bilan tanishing. Xulosa esa o'zingizdan.


Imkoniyat, zarba va gol.


Ushbu kriteriya bo'yicha Skamakka 2020/21-yilgi mavsum A Seriyada Eldordan ko'ra ko'proq raqamlarga ega bo'lib turibdi. Biroq, bu raqamlar foydali ish koeffitsiyentiga o'girilganda biz Shomurodovning italiyalik forvarddan qolishmayotganligini ko'ramiz.

Shomurodov 1ta gol urish uchun 5 imkoniyatdan 4ta aniq zarba yo'lladi (aniq zarbalarining 25 foizi gol bilan yakunlangan). Skamakka esa 2ta gol uchun 8 imkoniyat va 7ta aniq zarba sarflagan (aniq zarbalarining 28 foizi gol bilan yakunlangan).


Ikki forvardning A Seriyadagi sermahsullik darajasi deyarli bir xil koeffitsiyentga ega. Yakunda Skamakka 4ta imkoniyatdan 2ta gol ursa, Shomurodov esa 2ta qulay vaziyatdan 1ta gol ura oladi, degan xulosaga kelish mumkin.


Paslar.


Zamonaviy futbolda hujumchi paslar bilan ham yaxshi ishlashi va ortga qaytib, jamoadoshlaridan to'pni so'rashi normal holatga aylanib ulgurdi. Biz Shomurodovning bu hislatini "Rostov"da ham payqagan edik. Ayni paytda u Italiyada ham pozitsion hujumlar tashkil etilayotgan mahalda biroz markazga yaqin hududda ochilib, sheriklarini to'pni qabul qilib, hujumni qanotlarga ko'chirmoqda. Skamakka bu borada taran-hujumchi rolini bajarib, deyarli paslar qabul qilish uchun ortga ochilmaydi. Shu bois ham, quyidagi statistika Eldorning paslar bilan faol ishlashini ko'rsatib turibdi:

Shomurodovda umumiy paslar soni 27tani tashkil etmoqda. Maydonning uchinchi qismidagi paslar soni 12ta bo'lsa, raqib jarima maydonchasida 2 bor pas o'ynagan. Janluka Eldordan 14 bor kamroq pas o'ynagan (13ta umumiy pas): 5 marta maydonning uchinchi qismida, 5 marta raqib jarima maydonchasida.


Pozitsiya tanlash va to'p uchun kurash.


Pressingda ikkala forvard ham ancha faol ishlaydi. Bu ularning statistikasida ham yaqqol ko'rinib turadi. Skamakka biroz qo'pol harakatlari bilan ko'p fol qayd etgan (18). Eldorda follar soni 11ta. Kartochkalar esa hozircha yo'q. 22 yoshli italiyalik futbolchida 1ta sariq kartochka bor.


Maydonda hududiy ustunlikka erishish juda muhim hislatlardan biri. Ayniqsa, kam hujum qiladigan jamoaning oldichiziq vakillari joy tanlashda doim topqir bo'lishlari shart. Skamakka bu ko'rsatkich bo'yicha legionerimizdan 2 barobar yaxshiroq natijaga ega: 28-14.

Yakuniy fikr o'rnida aytish mumkinki, Italiya matbuoti har ikki hujumchini ham istiqbolli deb hisoblamoqda. Ular ko'proq hujum qiladigan jamoalarda yanada yaxshiroq sermahsullikka ega bo'lishi va A Seriya to'purarlari reytingidan joy olishiga shubha qilishmayapti. Potensial va daraja nuqtai nazardan olib qaralganda, haqiqatdan ham Skamakka va Shomurodov yaxshi hujumchilar hisoblanishadi, shuningdek, ular maydonda yaxshi tandem ham bo'la olishadi.


Raqamlar va faktlarga asoslangan "Onside.uz Versus" loyihamizning ilk soni yakunlandi. "Kim sermahsulroq?" degan savolga javobni mavsum yakunida olganimiz ma'qul, deb hisoblaymiz.


Xusan Sabitov tayyorladi.