ONSIDE | Futbol yangiliklari

Omadsizlar terma jamoasi: Qishda amalga oshirilgan APL tarixidagi eng yomon transferlar

3560 22.01.2021 22:22

Yanvar – jamoalar mavsum o’rtasida  o’z tarkibini kuchaytirib olishi uchun imkoniyat beriladigan vaqt. Ko’pchilik murabbiylar yanvar oyida futbolchi sotib olmaslikka urinadi. Chunki bu transfer oynasida yaxshi futbolchilar sotilmaydi. Kim ham mavsum o’rtasida yaxshi futbolchisini qo’yib yuborgisi kelardi.

Bugun sizlarga APL tarixidagi yanvar oyida qiingan eng yomon transferlarni keltirib o’tamiz.


Darvozabon – Mark Bosnich

Yanvar, 2001-yil

“Manchester Yunayted”dan “Chelsi”ga

Bosnich “MYU” safiga 1999-yilda Peter Shmeyxel o’rniga tashrif buyurgan edi. Ammo futbolchi Shmeyxel darajasiga chiqa olmadi, shuning uchun rahbariyat uni “Chelsi”ga erkin agent sifatida qo’yib yuborishga majbur bo’ldi. Londonliklar o’sha vaqtda grand jamoalar qatoriga kirmasdi. Bosnich Londonda 7 tagina o’yin o’tkazdi. 2002-yil dekabr oyida futbolchi kokain iste’mol qilishi aniqlandi va uzoq muddatga diskvalifikatsiya qilindi. Shu bilan “Chelsi”dagi sarguzashtlariga qo’shib professional faoliyati ham yakunlandi.


Markaziy himoyachi – Jan-Alen Bumsong

Yanvar,2005-yil

“Reynjers”dan “Nyukasl”ga

2005-yil boshida “Nyukasl” markaziy himoyachi izlayotgandi va ular Jan-Alen Bumsong variantida to’xtashdi. Futbolchi “Reynjers” safida bir yarim yil o’ynagan bo’lsa-da, o’zini yaxshi tomonlama ko’rsata olgan.”Nyukasl” futbolchini 8 mln funt evaziga xarid qildi. “Qarg’alar” safida esa futbolchi ko’p ushlanib turmadi. Boshida u yaxshi o’ynayotgandi, keyinchalik esa juda ko’p xatolar qiladigan bo’ldi. Afsuski, “Nyukasl” uni sotib yuborishga majbur bo’ldi.

 

Markaziy himoyachi – Vegard Forren

Yanvar, 2013-yil

“Molde”dan “Sautgempton”ga

8 yil oldin Yevropa futbolida norvegiyalik iste’dod Vegard Forren haqida ko’p xabarlar chiqa boshladi. O’sha vaqtda u “Molde” safida to’p surardi. Chapoyoq himoyachi ko’plab jamoalarning transfer ro’yxatidan o’rin oldi. “Liverpul”, “Milan”, “Latsio” kabi katta jamoalar futbolchini o’z safiga qo’shib olishga harakat qildi. Ammo futbolchi “Sautgempton”ni tanladi. Afsuski, futbolchiga yangi jamoasida biror marta o’ynashga imkoniyat berilmadi. 6 oydan so’ng esa jamoa Vegardni “Molde”ga ikki baravar arzonga qaytarib sotib yubordi.


Kristofer Samba

Yanvar, 2013-yil

“Anji”dan “Kuinz Park Reynjers”ga

Kongolik futbolchi “Blekbern”dalik paytida maqtovlarga sazovor o’yin namoyish etardi. 2012-yilda Rossiyaga ketdi va u yerda o’z o’yinini yo’qotib qo’ydi. Bir yildan so’ng esa yana Tumanli Albionga qaytdi. Bu safar “KPR” safiga. O’sha mavsumda jamoa APLda oxirgi o’rinni oldi va quyi divizionga tushib ketdi. Qimmat pulga olib kelingan Sambaga tanqid toshlari otildi. Yozda esa yana “Anji”ga qaytib ketdi.


Markaziy yarim himoyachi – Kim Chelstrem

Yanvar, 2014-yil

“Spartak” Moskvadan “Arsenal”ga

“Arsenal” Chelstremni jarohatdalik paytida sotib oldi. Futbolchi maydon markazidagi raqobatda yutib chiqmoqchi edi. Ammo buni uddalay olmadi. Kim “Arsenal”da 4 ta o’yinda bor-yo’g’I 135 daqiqa harakat qila oldi, xolos. Yozda esa “Spartak”ka qaytib ketdi.


 

Markaziy yarim himoyachi – Xossam Gali

 Yanvar, 2006-yil

“Feyenord”dan “Tottenhem”ga

Misrlik Xossam Gali “Feyenord”da porladi. 2006-yil qishida yarim himoyachiga Angliyadan ikkita taklif kelib tushdi, biri “Arsenal”dan, yana biri “Tottenhem”dan. Gali “Shorlar”ni tanladi. Avvaliga u juda yaxshi harakat qilayotgan edi, ammo may oyida “Blekbern”ga qarshi o’yinda zahiraga olingani uchun jamoa futbolkasini yerga uloqtirdi va murabbiy Martin Yola sha’niga noma’qul so’zlar aytdi. Muxlislar uni jamoadan haydashlarini talab qildi. Gali keyinchalik uzr so’ragan bo’lsa ham birorta o’yinga tushirilmadi. 2007-yilda esa futbolchini “Birmingem” sotib olmoqchi bo’ldi. Ammo shartnoma imzolash yakuniga yetmasdan Londonga qaytishga majbur bo’ldi. 2009-yilda esa erkin agent sifatida “Tottenhem”ni tark etdi.


Markaziy yarim himoyachi – Jan Makun

Yanvar, 2011-yil

“Lion”dan “Aston Villa”ga

“Aston Villa” 2011-yil yanvar oyida jamoani kuchaytirish uchun futbolchi izladi. “Lion” futbolchisi Jan Makun e’tiborni tortdi. Rahbariyat darrov 6 mln evaziga fransuz futbolchisini xarid qildi. Va shu bilan boshog’riqni orttirib oldi. Makun jamoaga moslashib ketolmadi, undan tashqari jarohatlar uni qiynardi. Oradan yarim yil o’tib, uni “Olimpiakos”ga ijaraga berib yubordi. Keyin esa “Renn” futbolchini ijaraga oldi. Jan umumiy hisobda “Aston Villa”da 8 ta o’yin o’tkazdi.


O’ng qanot vingeri – Savio Nsereko

Yanvar, 2009-yil

“Breshia”dan “Vest Hem”ga

2009-yilda Nsereko 9 mln evaziga “Breshiya”dan “Vest Hem”ga o’tgan edi. 10-raqamni olgan futbolchi hammaning diqqat markazida edi. 11 o’yinda qatnashgan Savio birorta ham golli vaziyatda ishtirok etmadi. Yozda futbolchi 4 mln evaziga “Fiorentina”ga o’tib ketdi. Hozirda 31 yoshda bo’lgan futbolchi allaqachon 18 ta jamoada o’ynashga ulgurdi. Afsuski, unga omad kulib boqmayapti.


 

Chap qanot vingeri – Aleksis Sanches

Yanvar, 2018-yil

“Arsenal”dan “Manchester Yunayted”ga

Shovqinli transfer shovqinliligicha qolib ketdi. Sanches “Qizil iblislar” safida yo’qolib qoldi. “Old Trafford”da futbolchi eng ko’p maosh olardi. 45 o’yinda qatnashib 5 ta gol va 9 ta golli uzatmani o’z hisobiga yozib qo’ygan Sanches “Inter” safiga erkin agent sifatida o’tib ketdi.


 

Hujumchi – Kostas Mitroglu

Yanvar, 2014-yil

“Olimpiakos”dan “Fulhem”ga

2013/14 yilgi mavsumda “Fulhem” Premyer-ligada jon saqlash uchun harakat qilardi. Yanvarda esa rekord transferni amalga oshirdi. 12 mln funtga “Olimpiakos”dan Kostas Mitrogluni olib keldi. Futbolchi Gretsiya chempionatida 12 o’yinda 14 ta gol kiritgandi. Angliyaliklar shunga qaraganda juda omadli transferni amalga oshirdik deb o’ylardi. Afsuski, bunday bo’lmadi. Kostas atigi 3 ta o’yin o’tkazdi. “Fulxem” esa quyi divizionga tushib ketdi. Mitroglu “Olimpiakos”ga ijara asosida qaytib ketdi.


Hujumchi – Endi Kerrol

Yanvar, 2011-yil

“Nyukasl”dan “Liverpul”ga

“Liverpul”ning 35 mln ga Endi Kerrolni sotib olish jarayoni “pulni havoga sovurish” deb ataladi. Kerrol “qizillar” safida o’zini ko’rsata olmadi. Rahbariyat uni to’satdan sotib olgandi. Transfer oynasi yopilishiga bir kun qolganda Torres “Chelsi”ga o’tib ketdi, uning o’rnini to’ldirish uchun ham futbolchi olib kelindi. Ammo bu qaror noto’g’ri edi.