ONSIDE | Futbol yangiliklari

"Real" ovga chiqdi. Zidan jamoasini kimlar kuchaytiradi?

8388 25.01.2021 11:49

“Real” musobaqa jadvalida ikkinchi o’rinni band etib turibdi. Lekin hech kim “Atletiko” chempion bo’ladi deb 100% kafolat bera olmaydi. Jamoa chempionlik uchun kurashadi. Tarkibda yulduzlar yetarli bo’lsa ham, yana yangi futbolchilar zarar qilmaydi.


Madridliklar jamoaga o’zgartirish kiritish kerakligini tushunib turibdi. Afsuski, pandemiya jamoaning moliyaviy ahvoliga salbiy ta’sir ko’rsatdi. Hozir rahbariyat jamoa minusga ketmasligi uchun harakat qilmoqda.


“Qirollik klubi” shunday futbolchilar xarid qilishi kerakki, u budjetga ham zarar keltirmasin. Bugun Zidan jamoaga olib kelishi mumkin bo’lgan futbolchilar haqida suhbatashamiz.


Jyul Kunde

“Real” himoyasiga yordam kerak, “Sevilya” futbolchisi bo’lgan 22 yoshli Jyul Kunde esa ideal variant.  Serxio Ramos endi yosh emas, uning barqaror o’yinlari ortda qoldi.


Agarda Defensa Centralning xabariga ishonadigan bo’lsak, Kunda Ramosga o’rinbosar sifarida ko’rilmoqda. U allaqachon nimaga qodir ekanligini “Sevilya”da ko’rsatib qo’ydi. Jamoada yetakchiga aylanishi uchun bir yarim yil kerak bo’ldi, xolos.


Manuel Lokatelli

“Real” yarim himoyasi ham endi yosh emas. Toni Kross va Luka Modrich hali ham markazda yetakchi, ammo ularga o’rinbosar izlash vaqti keldi. Italiyada yosh iste’dodlardan biri deya tilga olinayotgan “Sassuolo” futbolchisi Manuel Lokatelli variantini ko’rib chiqish foydadan holi emas.


22 yoshli xavbek nafaqat himoyaga, balki hujumga ham yordam bera oladi. Albatta, unga boshqa jamoalar ham qiziqish bildirmoqda. “Yuventus” Pol Pogba umidida yurgan vaqtida “Real” paytdan unumli foydalanishi zarur.


Bitta narsa aniq: “Sassuolo” futbolchini arzonga qo’yib yubormaydi, lekin u shunga arziydi.


Pepe

Mish-mishlarga qaraganda, “Real” “Gremio” futbolchisi Pepega qiziqish bildiryapti. Pepe – “Gremio” yulduzi. U 2016-yilda jamoaga kelib qo’shilgan.  U chap qanotda o’ynaydi, lekin bu o’ng qanotda foydasiz degani emas.


“Real” uni anchadan beri kuzatyapti. Lukas Vaskes shartnomani uzaytirishni istamayapti, demak 23 yosh yoshli futbolchi uning o’rnini bosa oladi. Ammo futbolchining shartnomasi 2024-yilgacha mo’ljallangan, demak ancha narx borasida tortishishga to’g’ri keladi.


Eduardo Kamavinga

Yosh Eduardo Kamavinga 2019-yildan buyon “Real” qiziqishlari doirasida. Shundan buyon u “Renn” safida o’sishga erishdi. Agar shu tarzda davom etaversa, Martin Edegor va Federiko Valverde darajasiga chiqadi, balki ulardan ham o’tib ketar. Unga vaqt va to’g’ri yo’l ko’rsatadigan murabbiy zarur.


U grandlarga qarshi ham xotirjam o’ynay oladi. Bir nechta klublar unga qiziqish bildirmoqda. Ammo “Real” ular ichida favorit.


David Alaba

Alaba “Bavariya” rahbariyati bilan nizoga borib qolgan va boshqa jamoalar buni kuzatmoqda. “Real” avstriyalik futbolchi uchun asosiy da’vogarlardan.


Alaba katta ehtimol bilan yozda “Qaymoqranglilar” safiga borib qo’shiladi. Zidan uchun himoyachi judayam zarur. U yanvarda ham kelishi mumkin edi, ammo shunday taqdirda unga pul to’lash kerak bo’ladi. Yozda esa Alaba erkin agentga aylanadi. “Real” esa kutishga qarshi emas.