ONSIDE | Futbol yangiliklari

Fransuz klubi yozda Shomurodovni xarid qilmoqchi

4714 07.05.2020 14:48

"Rostov" klubining o‘zbekistonlik hujumchisi Eldor Shomurodovga Fransiyaning "Bordo" klubidan qiziqish bo‘lmoqda. Bu haqda "Paxtakor" bosh murabbiyi Shota Arveladze Leerosportnews.com saytiga bergan intervyusida aytib o'tgan.
 

Fransuz nashri hozirda Turkiyada bo‘lib turgan Shota Arveladze bilan uning futbolchilik davri – Niderlandiya, Shotlandiya, Ispaniya, Turkiyadagi faoliyati va hozirda nima bilan band ekanligi haqida intervyu olgan. Suhbat davomida fransiyalik jurnalist Arveladzedan Eldor Shomurodov haqida so‘ragan.
 

"Bordo" klubi sizga tanish bo‘lgan o‘zbekistonlik Eldor Shomurodov va gruziyalik hujumchi Georgiy Chakvetadze bilan qiziqmoqda. Ushbu futbolchilar haqida qanday fikrdasiz?" - deya savol bergan Leerosportnews.com jurnalisti.
 

"Eldor menga ko‘proq tanish, uni yaxshi hujumchi deb bilaman. Fikrimcha, Shomurodov ko‘proq Niderlandiya yoki Angliya chempionati uchun mosroq o‘yinchi. U bo‘sh zonalarga qanday ochilishni va havodagi kurashda ustunlik qila oladigan forvard sanaladi. "Rostov" bosh murabbiyi Karpin qo‘l ostida u yanada o‘sishda davom etmoqda. Eldor O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi bo‘la oldi. Fransiyada ham o‘zini ko‘rsata olishi mumkin. Georgiy haqida ham yaxshi fikrdaman. U ajoyib texnikaga ega futbolchi. "Bordo" singari klub bu futbolchilarga qiziqayotganligidan ajablanmayman. Futbolchilar saviyadagi farqlarni sezishsa, ular albatta yangi darajaga chiqishni istashadi. Buning uchun esa "Bordo" Yevropaning yaxshi klubi sanaladi", - deya javob bergan "Paxtakor" bosh murabbiyi Shota Arveladze.
 

Ma’lumot uchun, Rossiya Premyer-Ligasi to‘purarlaridan biri bo‘lgan Eldor Shomurodovga o‘tgan yil Fransiyaning "Lion" klubi ham qiziqish bildirgani haqida xabarlar tarqalgandi.


Eslatib o‘tamiz, "Bordo" klubi Fransiya chempionati joriy mavsumini 12-o‘rinda yakunladi.