ONSIDE | Futbol yangiliklari

Jasur Yaxshiboyev yil yakunida Yevropaning g'arbiga yo'l olishi mumkin

4909 07.05.2020 14:50

Ayni paytda Yevropa qit'asida davom etayotgan yagona chempionatning to'purarlaridan biri va gol+pas tizimi bo'yicha yetakchilik qilayotgan Jasur Yaxshiboyev qishda nisbatan kuchliroq ligaga yo'l olishi mumkin. Buning ehtimoliy sabablari va huquqiy jihatdan Jasurga egalik qiluvchi "Paxtakor"ning ambitsiyalarini ko'rib chiqamiz.
 

Jasur Yaxshiboyev to'laqonli "Paxtakor" tarbiyalanuvchisi hisoblansa-da, "sherlar" ustozi Shota Arveladze Jasurga ko'p ham "ishonmaydi". Shota uni asosan zaxiradan maydonga tushirardi. Maydonda raqiblarini aldab, o'zini ko'rsatishni xush ko'ruvchi Jasurdek futbolchilar bunday jamoalarda ko'p ushlanib qolmasligi kundek ravshan edi. Shunday ham bo'ldi: o'tgan yilning ikkinchi qismida Mirjalol Qosimov uni "AGMK"ga olib keldi va nisbatan ko'proq imkoniyat berdi. Lekin Yaxshiboyevga barqarorlik yetishmasdi, maydonda esa erkinlik.

Jasur Yaxshiboyev U-23 Osiyo chempionati-2020 musobaqasidan so'ng, O'zbekistonga qaytishni istamadi va xorij jamoalarining takliflarini ko'rib chiqdi. Bu orada Janubiy Koreyadan taklif bo'ldi, ammo Jasur Yevropaga ketishni istadi va Belarusga yo'l oldi. Ko'pgina iqtidorlarimiz o'z vaqtida Yevropaning kuchsiz, maoshi past jamoasini emas, Osiyoning moliyaviy barqaror klublarini tanlab, o'z karyeralarida biroz ortga qadam tashlashgan edi. Jasur esa bunday qilmadi va shu o'laroq o'sishga ham erishdi.


Joriy yilning 31-dekabrida hamyurtimiz rasman "Paxtakor"ga qaytadi. Agar futbolchi va klub o'rtasida yana 3 yillik shartnoma borligini inobatga olsak, Jasurning xorijga, xususan Yevropaga transfer qilinishi murakkab kechishi mumkin. Lekin futbolchining o'zi "Paxtakor"ga qaytmoqchi emasligini ta'kidlagan edi. Shu o'rinda, klub sport direktori Jafar Irismetov ham "sherlar" xorij jamoalarining takliflarini ko'rib chiqishga tayyorligini bildirgan. Shuningdek, Jasurning kuchli chempionatga transfer qilinishi o'zbek futboli uchun foydali bo'lishini ham qo'shimcha qilgan edi.
 

Demak, tushunish mumkinki, Yaxshiboyev agar shu tempda davom etib, nomdor jamoalarning nazariga tushishni uddalasa, "Paxtakor" uni qo'yib yuboradi. Xohlardikki, hujumchimiz Yevropaning nisbatan g'arbiga (Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Niderlandiya, Angliya, Italiya va hk.) yo'l oladi va o'zbekistonlik futbolchining nimalarga qodir ekanligini isbotlaydi.